Nodirbek dunyo grossmeysterlari musoboqasida peshqadamlik qilmoqda

Ayni kunlarda shaxmat bo’yicha “Meltwater Champions Chess Tour” onlayn musobaqasi o’tkazilmoqda. Bu haqda Sportni rivojlantirish vazirligi ma’lum qildi.

Jahonning reytingi baland grossmeysterlari g’oliblik yo’lida dona surayotgan mazkur musobaqada tezkor shaxmat bo’yicha amaldagi jahon chempioni hisoblangan hamyurtimiz Nodirbek Abdusattorov ortda qolgan 8 tur natijalariga ko’ra, turnir peshqadami bo’lib turibdi.

N.Abdusattorov ortda qolgan uchrashuvlarda Mittal Aditya (Hindiston), Richard Rapport (Ruminiya), David Anton Guijarroni (Ispaniya) mag’lub etib, hindistonlik Arjun Yerigaisi bilan durang o’ynadi.

Kecha tunda o’tkazilgan partiyalarda ham Nodirbek ancha ishonchli harakat qildi. Faqat 5-turda u hindistonlik Vidit Santoshga qora donalarda imkoniyatni boy berib qo’ydi.

Oltinchi turda boshqa bir hind grossmeysteri Dommardju Gukesh taslim etildi. Yettinchi partiyada hamyurtimiz qora donalarda o’ynashiga qaramay, hindistonlik taniqli grossmeyster Pentala Xarikrishnani yengdi.

Sakkizinchi turda yana qora donalarda harakat qilgan Nodirbek reytingda o’zidan yuqorida borayotgan niderlandiyalik Anish Giri bilan murosaga keldi.

Natijada Nodirbek 5 ta g’alaba, 2 ta durang va 1 mag’lubiyatdan so’ng 24 imkoniyatdan 17 ochko jamg’arib, turnir jadvalida yakka peshqadamlikni davom ettirmoqda. Kuchli uchlikdan ozarbayjonlik Shaxriyar Mamedyarov va jahon tojdori Magnus Karlsen joy olgan. Ular hisobida 16 ochko bor.