Ro'ziqul Berdiyev «Paxtakor»ni qanday o'yin orqali mag'lub etish mumkinligini aytdi

Ertaga O’zbekiston kubogi final uchrashuvi bo’lib o’tadi. Unda Toshkentning «Paxtakor» va «Nasaf» jamoalari o’zaro bahs olib boradi. Bugun o’yindanoldingi matbuot anjumani bo’lib o’tdi va unda «ajdarlar» ustozi Ro’ziqul Berdiyev o’yin haqida o’z fikrlari bilan o’rtoqashdi.

– Mavsumni «Paxtakor»ga qarshi o’yin bilan boshlagan edik, buni qarangki, mavsum yakunida ham aynan ushbu ikki jamoa to’qnash kelmoqda. Bu bejiz emas, albatta. Ikki jamoaning saviyasi, darajasi buni ko’rsatib turibdi. Shunday ekan, ertaga maydonda shijoat, mahorat va kurash ko’ramiz.

«Paxtakor» haqida ortiqcha gapirishning hojati yo’q. Jamoa tarkibida yaxshi saviyadagi futbolchilar jam bo’lgan. Uchrashuvga ruhiy va jismoniy jihatdan yaxshi tayyorgarlik ko’rdik. G’alaba qozonish uchun bor imkoniyatlarimizni ishga solamiz.

Bu mavsum Superliga, O’zbekiston kubogi va OFK kubogida 40 ga yaqin o’yinda maydonga tushdik. Bilasiz, mavsum avvalida tarkibda o’zgarishlar ko’p bo’ldi va shu bois oldimizga chempionlik yoki kubokni qo’lga kiritish vazifasi qo’yilmagan edi. Shunday bo’lsada, ketganlarning o’rnini yosh futbolchilar bilan to’ldirishga harakat qildik, o’z o’yinimizni yo’qotmadik. Ko’rib turganingizdek, uchta frontda ham yomon natija qayd etmadik.

Ertaga Cheranning ham, Stanoyevichning ham yo’q ekanligi birdek sezilsa kerak. Kubok doirasida «So’g’diyona» va AGMKga qarshi bahslar oralig’ida Marko Draganning bilan uchrashish  maqsadida javob so’ragan edi. Balki, ikkala futbolchi finalda o’ynamaslik to’g’risida o’zaro kelishib olishgandir (kuladi). Ular qalin do’st. Stanoyevich finalda o’ynashni juda istagan edi. Ikkala jamoa uchun bu katta yo’qotish bo’ladi.

«Paxtakor»ga mavsum davomida uch bor mag’lub bo’ldik. Biz o’sha bellashuvlarni qayta ko’rib chiqib, tahlil qildik. Biz «Paxtakor»ga o’yin jihatdan yengilmaganmiz, hisobda mag’lub bo’lganmiz. Ertaga kim xato qilsa, mag’lub bo’lishi muqarrar. Shuning uchun, tartibli o’yin orqali g’alabaga erishish mumkin. Individual o’yin katta ahamiyat kasb etadi. Ammo, o’ylashimcha, bu narsa finalda ikkinchi planda bo’ladi.

UzPFL