Ayni kunlarda Namangan shahrida voleybol bo’yicha 19 yoshgacha bo’lgan qizlar o’rtasida Markaziy Osiyo chempionati bo’lib o’tmoqda. Musobaqani tomosha qilish uchun kelgan mintaqa konfederatsiyasi prezidenti Muhammad Latif boshchiligidagi mutasaddilar O’zbekistonda mehmon bo’lib turishibdi.
Namanganda xizmat safarida bo’lib turgan MOQ raisi o’rinbosari Sherzod Tashmatov bugun musobaqa mehmonlari bilan uchrashib, mamlakatimizda voleybolni yanada rivojlantirish borasida suhbat uyushtirishdi. O’z navbatida, Muhammad Latif mamlakatimiz voleyboli so’nggi yillarda rivojlanishning yangi bosqichini o’tkazayotgani, turli yosh toifalaridagi jamoalarimizning o’sganini alohida ta’kidlab, bu borada qilinayotgan ishlarga ijobiy baho berdi.
Shuningdek, mehmon yurtimizda voleybolni rivojlantirish yo’lida xalqaro mutaxassislarni jalb qilish va federatsiyamizning rejalarini hamkorlikda muhokama qilib, unga kerakli tavsiyalarni berishini aytib o’tdi.
Qayd etish joiz, Toshkentda kelasi yilning iyun oyida 17 yoshgacha bo’lgan qizlar o’rtasida Osiyo chempionati bo’lib o’tadi. Mutasaddilar suhbat davomida ushbu turnirni ham yuqori saviyada o’tkazish masalalari bo’yicha fikr almashishdi.
olympic.uz