Bu ayol bir erkakdan 44 nafar farzand ko’rgan. Ammo ularni erkaksiz voyaga yetkazmoqda…

Mariam Nabatanzi Babirye Ugandada istiqomat qiladi. Bolalikdan ko’p farzandlilikni orzu qilardi. Farishtalar omin degan ekan, Olloh orzusiga yetkazdi. U eridan oz emas, ko’p emas, 44 nafar farzand ko’rdi. U ayni kunda Afrika qit’asidagi eng serfarzand ayol sifatida e’tirof etilgan.

«KO'RING, HAVAS QILING! MENING 44 FARZANDIM BOR!!!»

O’zining tan olib aytishicha, 12 yoshida, 1993 yili uni turmushga uzatishgan. Oilaviy hayoti davomida Mariamxon jami 44 nafar farzandni dunyoga keltirdi. Shularning olti nafari o’lib ketgan. Hozir 38 nafar farzandni bir o’zi yolg’iz voyaga yetkazmoqda. To’ng’ichi o’g’il. U 24 yoshni qarshiladi. Eng kenjasi esa 2 yaщar.

— Erim biz bilan birga yashamaydi, — deydi Mariamxon. — U ahyon-ahyonda ko’rinib qoladi. Shunda ham uzoq o’tirmaydi. Farzandlarim dunyoga kelgan paytlar qanday ism qo’yishni telefon orqali aytardi. Bolalarning aksariyati uni tanimaydi ham.

MAHZUN BOLALIK

Mariam bolaligidayoq mehrga yolchimadi. Onasi hali esini tanib ulgurmay olamdan o’tgan ekan. Otasi esa darrov boshqa ayolga uylandi. Ular oilada besh farzand edi. O’gay ona ularni sira sig’ishtirmadi. Kunlarning birida hammalaridan birdaniga qutulish ilinjida o’gay ona ovqatga maydalab kukunga aylantirilgan shisha qo’shib qo’ydi. Shuning natijasida opa-akalari o’lib berdi. Faqat Mariam uyda yo’q edi. Shu narsa qizning hayotini saqlab qoldi. O’gay ona esa baribir uni yo’q qilishdan voz kecha olmagandi. Kunlarning birida 12 yoshli Mariamga 40 yashar erkakni topdi. Shu erkakka uzatishga qaror qildi.

— Men nimalar bo’layotganini fahmlay olmasdim, — deydi Mariam. — Uyimizga mehmonlar kelishdi, otamga sovg’alar berishdi. Ular ketgach, xolam meni olib uyiga jo’nadi. Uyiga yetib kelganimizdan keyin meni 40 yashar erkakning ixtiyoriga topshirdi. Shundagina erga berishganini bildim…

XO’RLIK

«KO'RING, HAVAS QILING! MENING 44 FARZANDIM BOR!!!»

Oilaviy hayot ham Mariamga tatimadi. Erining sobiq xotinlaridan bir talay bolalari bor edi. 12 yashar Mariam ham xotin vazifasini ado etishi, ham shu yetimchalarga qarashi lozim edi. Agar yaxshi qaray olmasa, eridan kaltak yerdi. 13 yoshida nihoyat o’zi egizaklarni dunyoga keltirdi. Ikki yildan keyin uch egizak dunyo yuzini ko’rdi. Bir yil-u yetti oy o’tib to’rt egizak tug’ildi. Ammo Mariam bundan sira hayratlanmadi. Chunki egizak farzandlarni dunyoga keltirish avlodida bor. Otasi rahmatli ham turli ayollardan jami 45 nafar farzand ko’rgan ekan.

«TUG’MASANG, O’LASAN!..»

Oltinchi tug’ruqdan so’ng Mariamning bolalari 18 nafarga yetdi. U darhol tug’ishni to’xtatish haqida o’ylay boshladi. Axir, shuncha bolani qanday boqadi? Qaerga sig’diradi shuncha bolani?.. Lekin mahalliy vrachlardan biri uni qo’rqitib qo’ydi.

— Sizning organizmingizda tuxumdon to’qimalari juda ko’pchilikni tashkil etgan, — dedi vrach. — Ular bir-biri bilan joy talashib yotishibdi. Agar tug’ishdan to’xtasangiz, o’lim topasiz…

Ugandadagi ginekolog va akusherlar assotsiatsiyasi prezidenti, doktor Charlz Kiggundu aytdiki, Mariamning egizak tug’ishi tasodif emas. Bu ota-buvalaridan qolgan meros. Egizak farzand ko’rish ham qondan o’tadi.

23 yoshga yetganda, Mariamning bolalari 25 taga yetdi. Tug’ishdan charchadi va do’xtirlardan tug’ishga qarshi qandaydir ukollar qilishni yoki dorilar yozib berishni so’radi. Yozib berishdi. Ukol ham qilishdi. Yordam bermadi. Mariam tug’ishda davom etaverdi.

— Spiral ham qo’ydirib ko’rdim, — deydi Mariam. — Lekin ko’nglim aynib, qusa boshladim. Oradan hech qancha o’tmay, hushimdan ketdim. Keyin bilsam, komaga tushgan ekanman. Bir oy komada yotibman. Shundan keyin tug’ishda davom etishga qaror qildim.

«ERIMNING BETI QURSIN!..»

«KO'RING, HAVAS QILING! MENING 44 FARZANDIM BOR!!!»

Hozirgi kunda Ugandada qahramon onaga aylangan Mariam eri haqida shunday deydi:

— Beti qursin. 25 yil nikohda undan yashab yaxshilik ko’rmadim. Erim nuqul meni kamsitar, kaltaklardi. Uyga g’irt mast holda kelardi. Keyin tashlab ketdi. Bizga moddiy jihatdan hech qachon yordam ham ko’rsatmagan. Bolalarimning ko’pi otasini bir martayam ko’rmagan. Chunki ular dunyoga kelsa, kelib ko’rish tugul rahmat ham demaydi. Bolaga qanday ism berishni esa telefon orqali aytadi…

Mariamning to’ng’ichi o’g’il, u hozir 24 yoshda. Otasini oxirgi marta 13 yoshida ko’rgan ekan. U ham ota bo’lib hech qachon oilasiga, bolalariga yordam ko’rsatmaganini aytdi.

— Uyga erim bir yilda bir marta keladi, — davom etdi Mariam. — Shundayam kechasi asta kirib keladi-da, erta tongda juftakni rostlaydi. Shu bilan kelasi yilgacha qadam bosmaydi…

Shuncha xo’rliklarga qaramay, Mariam ayol uchun oila birinchi o’rinda turishi lozim, u o’ta sabrli bo’lishi kerak deb hisoblaydi.

OVQAT HAM PUL TURADI

Mariamning bog’i ham, fermasi ham yo’q. Yegulikni mayda-chuydasigacha sotib oladi. Kuniga 100 ming Uganda shillingi miqdorida ovqat uchun pul sarflaydi. Bu pullarga 22 kilo makkajo’xori uni, yetti kilo no’xat, ikki yarim kilo shakar, uchta sovun sotib oladi. Shularning hammasi bir kunda tamom bo’ladi.

— Xudo bizni yaxshi ko’radi, — deydi Mariam. — Bolalarim har kuni issiq ovqat yeyishadi, och qolishmaydi. Endi pul yig’ib hovliga vodoprovod o’rnatishni reja qilganman. Shunda biz ichimlik suvini sotardik. Olgan daromadimiz bolalarimning kunlik ovqati uchun yetib ortardi.

Bolalarini boqish uchun Mariam ayollarning sochini turmaklaydi. Kelinlarni to’y marosimiga tayyorlaydi. Kiyimlar tikadi, tort pishirib, shifobaxsh giyohlar yig’ib sotadi.

— Men bolalarim uchun hamma narsaga tayyorman, — deydi Mariam. — Ular och qolmasligi uchun nimaiki ish bo’lsa turib beraman. Asosiysi, ular yaxshi yashashsa bas. Xudoyim menga shuncha farzandni hadya etibdimi, demak, men bu tortiqlarni avaylab-asrashim zarur…

Mariamning bir armoni bor. U maktabni tugata olmadi. O’rta ma’lumotsiz qolib ketdi. Shuning uchun bolalarining hammasini o’qitmoqda. Ular ma’lumotli bo’lishini xohlamoqda. Ulg’ayib qolgan bolalari onasiga hamma ishda yordam berishadi. Kichik uka-singillariga qarashadi.

— Bolalarim — mening baxtim, — deydi yig’lab Mariamxon. — Ular xudoyimning menga ko’rsatgan marhamati. Men bu bolalarni parvarishlab charchamayman. Xudoyimning o’zi sabr beradi. Ishonamanki, bolalarim bir kun kelib mashhur doktor, muhandis, harbiy va boshqa kasblarni egallashadi. Qarigan chog’imda meni hashamatli uylarda yetti qavat ko’rpacha ustiga o’tqazib qo’yishadi. Qimmatbaho mashinalarda olib yurishadi. Xudoyim, o’zingga, yaratganingga, shuncha farzandni ato etganingga beadad shukr! Beadad shukr! Beadad shukr!!!

lenta. ru

Ekaterina Klimushkina