image0

Xitoy geologik universiteti olimlari Yerning eng baland cho‘qqisi Everest balandligining doimiy ravishda o‘sib borishini aniqladi. Ular Himoloy tog‘ tizimalaridagi jarayonlarni modellashtirish uchun kompyuter modelini ishlab chiqdi. Bu haqdagi tadqiqot “Nature Geoscience” jurnalida e’lon qilindi.

Tadqiqotga ko‘ra, Everest cho‘qqisining o‘sish sababi sifatida tog‘ daryolari o‘zanining o‘zgarishi ko‘rsatilgan. Olimlarning hisob-kitoblari bo‘yicha, bu jarayon natijasida Everest so‘nggi 89 ming yil ichida 15–50 metrga balandlashgan.

Nashrning yozishicha, taxminan 90 ming yil avval Nepalning eng katta va Himoloy tog‘ tizmalaridan o‘tuvchi Arun daryosida muhim o‘zgarishlar yuz bergan. Unga ko‘ra, Arun daryosi Kosi daryosi tizimiga kirib, Gang daryosining eng katta tarmoqlaridan biriga qo‘shilgan. Bu jarayon yuqorida qayd etilgan daryolar o‘zaning qurishi va eroziyasiga olib kelgan. Chunki, birlashgan  daryolar oqimi ancha ko‘p suvni olib yuradi va ko‘proq toshlar hamda cho‘kindi jinslarni harakatga keltiradi. 

Ma’lum bo‘lishicha, Everestning yillik o‘sishi 0,16–0,53 millimetrni tashkil etadi va uning hozirgi balandligi 8849 metr. Bundan tashqari, Lxotsze va Makalu kabi qo‘shni cho‘qqilarga ham shu kabi jarayonlar ta’sir qiladi. Tadqiqotchilarning aytishicha, o‘sish davomiyligi cheksiz bo‘lmaydi. 

“U daryo tizimi yangi muvozanat holatiga kelguncha davom etadi”, deya ta’kidlaydi tadqiqot mualliflaridan biri, professor Szingen Day.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Nepal hukumati tomonidan moliyalashtirilgan jamoa bir necha hafta davomida Everestda umumiy tozalash ishlari olib borib, tayanch lager hududida qiyaliklarni tozalagan edi.