Sanoat mahsulotlari yarmarkasi, kiyim-kechaklar yarmarkasi, kitob yarmarkasi, boshqa ko’p xil yarmarkalar bo’lishi ko’pchilikka ma’lum. Lekin kelinlar yarmarkasi bo’lishi kishining tushiga ham kirmagan. Marokashning Atlas tog’lari etagida joylashgan Imilxil degan so’lim qishloqda har yili kech kuzda kelinlarning uch kunlik yarmarkasi o’tkaziladi. Mamlakatning turli burchaklaridan yo’lga chiqqan suluv qizlar va oila qurish ishtiyoqida yurgan yigitlar tuyada, otda, aravada, hatto piyoda yurib Imilxil qishlog’idagi maxsus maydonga yig’ilishadi. Yarmarka ochilgach, yigitlar qizlarni bamaylixotir sinchiklab tomosha qilib, kuzatib yurishadi. Shu tariqa o’zlariga munosib qalliq tanlaydilar. Tengi bilan topishgan har bir yigit 20 dirhamdan pul to’lab nikoh qog’ozi oladi. Viloyat boshlig’i kelib hamma kelin-kuyovni bir yo’la nikohlaydi. Shundan keyin kelinlarning ism-shariflari maxsus daftarda qayd qilinadi. Nikohning rasmiy qismi tugagach, o’yin-kulgi, nikoh bazmi boshlanadi. Nikoh bazmidan so’ng kelin shu yerdan to’ppa-to’g’ri kuyovnikiga yo’l oladi. Kuyovto’ra tuya yoki otda, jufti haloli – kelinposhsha esa uning ortida piyoda yo’lga ravona bo’ladilar.