Ikki ming yil oldin Vezuviy vulqoni otilishi oqibatida ko‘p metrli lava va kul ostida ko‘milgan Italiyaning mashhur qadimgi Rim shahri Pompeyda olimlar “har yuz yilda bir marta bo‘ladigan kashfiyot” qildi. Bu haqda BBC xabar berdi.
Qadimgi shaharda arxeologlar hashamatli xususiy hammomni topdi – ehtimol Pompeyda topilgan eng katta hammomdir. Nafis san’at asarlari bilan bezatilgan kurort majmuasi issiq, iliq va sovuq suvli alohida xonalar va hatto ulkan basseynni o‘z ichiga olgan.
Hammom binosi ulug‘vor qarorgohning qoq markazida joylashgan bo‘lib, uning hududida arxeologlar guruhi ikki yil davomida keng ko‘lamli qazishmalar olib borgan.
“Topilgan binolar shu qadar hayratlanarli darajada saqlanib qolganki, ular tashrif buyuruvchilarga “Pompey effekti” deb atalmish ta’sir ko‘rsatadi – xuddi bir daqiqa oldin hammomga tashrif buyuruvchilar bo‘lgandek”, deydi Pompey arxeologik bog‘i direktori, professor Gabriel Suxtrigel.
Uyda topilgan ikkita skeletning joylashuvi tahlili – biri erkak va biri ayol – Pompey aholisining milodiy 79 yilda Vezuviy vulqoni otilishi paytida boshdan kechirgan dahshatlarini ko‘rsatadi.
Ayol taxminan 40 yoshda edi, u qo‘lida pul va zargarlik buyumlarini mahkam ushlab turardi, erkak ancha yoshroq, 20 yoshda.
Arxeologlarga ko‘ra, vulqon otilganda er-xotin kichik olis xonada panoh topgan va u yerda baribir shahar issiq gaz va kul to‘lqini – piroklastik oqim bilan qoplanganida vafot etgan.
“Bu erda juda dramatik voqealar sodir bo‘lgan va topilgan har bir topilma sizga ushbu dramaning bir qismini aytib berishi mumkin”, deydi Pompey kuratori, professor Lyudovika Alesse.
Qadimgi shaharning uchdan bir qismi hali ham qotib qolgan vulqon qoyalari qatlami ostida yashiringan, ammo so‘nggi qazishmalar ko‘lami arxeologlar tomonidan bir avloddan beri tenglashtirilmagan – u qadimgi rimliklar yashagan sharoitlar haqida yangi tushuncha beradi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Buxoro viloyatining Qorako‘l tumanidagi Poykent maskanidan miloddan avvalgi I va milodiy I-IV asrlarga oid qurol-aslahalar topilgandi.