image0

2024 yilning dekabr oyida astronomlar tomonidan kashf etilgan 2024 YR4 asteroidi Yer bilan to‘qnashishi mumkin. Bu haqda astronom, “Ka-dar” observatoriyasi ilmiy rahbari Stas Korotkiy ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, diametri 70 metr bo‘lgan bu asteroid Chelyabinsk meteoritidan 3-4 baravar katta va u Yer bilan 2032 yil 22 dekabrda to‘qnashishi mumkin. Lekin to‘qnashuv ehtimoli haqidagi ma’lumotlardagi katta farq kuzatish vaqti qisqa bo‘lgani va prognoz qilingan davr 8 yilga cho‘zilgani bilan bog‘liq. 2028-2029 yillarda qo‘shimcha kuzatishlar orqali bunga aniqlik kiritiladi. Shu sababli, asteroidning yerga umuman tushmasligi ham ehtimoldan yiroq emas.

“Ayni paytda Yer bilan to‘qnashish ehtimoli turli tuzilmalar tomonidan 0,5 dan 6 foizgacha baholanmoqda. Vaziyat rivojlanishining 16 ta variantidan bittasi, ya’ni 6 foizi to‘qnashuvni nazarda tutadi”, dedi Korotkiy.

Kuzatuvlarga ko‘ra, qulash markaziy Afrika yoki Atlantika okeani hududida sodir bo‘lishi mumkin. Oqibatda mahalliy falokat kuzatilishi, ya’ni 30 kilometr radiusdagi uylar buzilishi prognoz qilingan.

Ma’lumot uchun, asteroidlar quyosh tizimidagi asosiy yulduz atrofida harakatlanadigan nisbatan kichik samoviy jismlardir. Sayyoralardan farqli o‘laroq, ular notekis shaklga ega va atmosferaga ega emas, lekin yo‘ldoshlarga ega bo‘lishi mumkin. Kichik asteroidlar Yer atmosferasiga kirganda yonib ketadi va meteoroidlar deb ataladi. Katta asteroidlar Yer bilan to‘qnashganda katta zarar keltirishi mumkin

Eslatib o‘tamiz, 2024 yilning 4 dekabr kuni NASA Yer sayyorasi yaqinidan ikkita potensial xavfli 447755 (2007JX2) va 2020XR asteroidlari uchib o‘tishi kutilganini ma’lum qilgan edi. Xabarga ko‘ra, 2007JX2 osmon jismining uzunligi 402,3 metrni tashkil qiladi. Undan Yergacha bo‘lgan masofa 5 million 532 ming 113 kilometrga teng. Uzunligi 387,7 metr bo‘lgan 2020XR asteroidi esa Yerga 2 million 209 ming 287 kilometrga yaqinlashishi kutilgan edi.

Sara Komiljonova