Cancel Preloader

Qarimaslik sirlari: yoshi ulug’ insonlar qanday ovqatlanishi kerak?

 Qarimaslik sirlari: yoshi ulug’ insonlar qanday ovqatlanishi kerak?

Yoshlik — go’zallik, keksalik — ulug’lik davri. Navqiron insonning organizmi ham o’zi kabi bardam va kuch-quvvatga to’la bo’ladi. U og’ir taomlarni ham bemalol hazm qilishi mumkin. Ammo kishi keksayganda o’zi kabi organizmi ham noziklashib boradi. Shu bois yoshi ulug’ insonlar uchun yengil hazm bo’ladigan va foydali elementlarga boy taomlar tavsiya etiladi.

O’simlik moyining zarari

Yosh ulg’ayganda ortiqcha vazn orttirmaslik va boshqa ko’plab xastaliklarga duchor bo’lmaslik uchun imkoni boricha kundalik ratsionni qisqartirish lozim. Ammo taomlarni qisqartirish barobarida ratsionni xilma-xillashtirish muhim ahamiyatga ega. Hech qachon biror-bir mahsulotga ruju qo’yib qolmaslik zarur. Ayrim yoshi katta insonlar o’zlaridagi aterosklerozni muolaja qilish maqsadida o’simlik moyini o’z ratsionlariga ko’proq miqdorda kiritishga harakat qilishadi.

O’simlik moylari: kungaboqar, makkajo’xori, zaytun, yong’oq va boshqalar haqiqatan ham antisklerotik ta’sir kuchiga ega. Ularda lipidlar (yog’li) almashinuvini ta’minlaydigan yarimto’yingan yog’ kislotalari miqdori katta. Bu kislotalar qondagi lipidlar darajasini tushirib, organizmdan xolesterinni haydab chiqaradi, tomir devorlarida yig’ilishi mumkin bo’lgan xolesterin qatlamlariga to’sqinlik qiladi. Lekin mutaxassislar o’simlik moyini haddan oshiq iste’mol qilish organizmga xuddi u yetishmayotgan paytdagi kabi salbiy ta’sir ko’rsatishi mumkinligni aniqlashdi.

Ma’lum bo’lishicha, keragidan ortiqcha yegulik, yarimto’yinmagan yog’ kislotalari qarish jarayonini tezlashtirishda faol ishtirok etadi. Shuning uchun ham qari kishining sutkalik ovqatlanish ratsionida o’simlik moyi 25-30 grammdan ortiq bo’lmasligi kerak. Imkoni boricha rafinadlanmagan moy olishga harakat qiling. Chunki unda xolesteringa qarshi letsitin birikmasi mavjud. Tozalangan (rafinadlangan) moylarda esa ular bo’lmaydi.

Tuxum yemaslik kerak

Shifokor sizdagi kasallik sabab tavsiya etgan parhezga ko’ra birorta mahsulotdan butunlay voz kechish ham noto’g’ri. Bir vaqtlar «keksalar xolesteringa boy bo’lgani uchun tuxum yemasliklari kerak», degan nazariya ilgari surilgandi. Ammo tadqiqotlar natijasiga ko’ra, tuxumda xolesterin va lipid almashinuvini me’yorlashtiradigan moddalar ko’pligi aniqlandi. Shuning uchun ovqatlanish ratsionidan tuxumni olib tashlash kerak emas. Haftasiga 2-3 dona tuxum iste’mol qilish mumkin.

Ichaklarga eng ma’quli — sut

Yoshi katta kishilar ichaklarida yiringli bakteriyalar ko’paya boshlaydi. Natijada organizmda vitaminlarning sintezlanishi buzilib, mikrofloralar faoliyatida zararsizlantirish xususiyati yomonlashadi, xolesterinni haydab chiqarish pasayadi, kanserogen xususiyatga ega ikkilamchi yog’ kislotalari miqdori sezilarli darajada ko’tariladi.

Ichak mikroflorasini o’simlik va sutdan tayyorlangan yeguliklar, sut mahsulotlari, dukkakli o’simliklar doni, yorma, sabzavot va mevalar me’yorlashtiradi.

Go’sht, baliq, sabzavot…

Keksalar ovqatlanish ratsionida go’shtni kamaytirishlari, uni ko’pincha tarkibida qon quyulishini pasaytiruvchi eykozapent kislotasi mavjud bo’lgan baliq bilan almashtirishlari kerak.

Kundalik taomnomada, albatta, sarimsoq va piyoz bo’lishi shart. Bularda o’ta kuchli gipoxolesterin va gipolipidemik ta’sirga ega komponentlar, shuningdek, o’sma rivojlanishi xavfini sekinlashtiradigan moddalar mavjud.

Oxirgi odatdagi xususiyatlaridan biri karotinoidlar sariq rangli sabzavotlarda ko’p, masalan, sabzida.

Gerodietologlar (qariy boshlagan va keksayganlarni ovqatlantirish muammolari bilan shug’ullanuvchi mutaxassislar)ning fikriga ko’ra, yoshi ulug’ insonlar taomnomasidagi oziq-ovqatlar tarkibida geroprotektorlar (qarishni sekinlashtiruvchi vositalar) ning mavjud bo’lishi muhim ahamiyatga ega ekan. Ular ichida antioksidantlar birmuncha yaxshi o’rganilgan. Bu aminokislotalar (metonin, sistein, glutamin kislotasi), vitaminlar (askorbin, nikotin kislotalari va V guruhi vitaminlari, R, A, Ye, K vitaminlari, A provitamini — karotin), mineral moddalar (magniy, rux, temir moddasi, mis). Yana o’simlik mahsulotlari tarkibidagi bioflavonoidlar, o’simlik steroidlari, betanidin (qizil lavlagiga rang beruvchi modda), qichitqi o’t, qizil lavlagi, kashnich, marmarak, estragon, rozmarin, mavrak, kashnich va boshqa o’simliklar shu guruhga mansub. Shuningdek, olma, uzum, choy va sut-qatiq mahsulotlari ham antioksidantlarga boy. Mutaxassislar ayni paytda antioksidantlarga stress holatining oldini oladigan modda sifatida qarashayotganini bilish ham zarar qilmaydi.

Yosharish uchun…

Organizmning erta qarishini tezlashtiradigan turli kasalliklarga chalinish va noto’g’ri turmush tarzidan voz kechish uchun ovqatlanish ratsionini tuzishda quyidagi qoidalarga amal qilish lozim.

— Go’sht va baliqni qaynatib, sabzavotli garnir bilan iste’mol qilish kerak. Bu ularning biologik quvvatini oshiradi.

Hayvonlardan olinadigan oqsilning asosiy manbai tvorog (kuniga 50 gramm), xuddi shu miqdorda baliq, yog’siz go’shtni esa 60 gramm iste’mol qilish lozim.

— Go’sht va baliq sho’rvasini haftada 2-3 martadan oshirmang, chunki bunday sho’rvalarda podagra (modda almashinuvining buzilishi tufayli yuz beradigan, bo’g’inlarni qizishgandek zirqiratib og’ritadigan kasallik)ni rivojlantiradigan ekstrafaol moddalar mavjud.

Qolgan kunlarda go’shtsiz suyuq taomlar iste’mol qilish mumkin;

— imkoni boricha, taomnomangizga dengiz mahsulotlarini qo’shing. Ular antisklerotik ta’sirga ega bo’lib, ayniqsa, 70 yoshdan keyin foydali hisoblanadi;

— hayvonlar yog’i va ulardan tayyorlangan, tarkibida to’yingan yog’lar (cho’chqa yog’i, koreyka, vetchina) va xolesterin (buyrak, miya, yelin) bo’lgan mahsulotlarni iste’mol qilishni kamaytiring.

— Shakarni kuniga 30 gramm, ya’ni 4 choy qoshiqdan ko’p iste’mol qilmang. Uni asal bilan almashtiring, ammo asalni shakar, tort, pirojniy, konfetlar yemaslik sharti bilan kuniga 60 grammgacha iste’mol qiling;

— taomingizdagi tuz miqdori kuniga 1 choy qoshiqdan oshmasin;

— yaxshisi, kuniga 200 grammdan ko’p bo’lmagan kepakli qora non yeng;

— agar allergiyangiz bo’lmasa, ko’proq har xil yorma, loviya, ko’k no’xatdan taom tayyorlang;

— dasturxoningizda kuniga, albatta, sarimsoq, yangi uzilgan ko’katlar, sabzavotlar, ko’k va bosh piyoz bo’lishi shart.

Vitamin yetishmasa…

Sarxil yoki achitilgan karam (tuzlangani emas), kartoshka, piyoz S vitamini manbai hisoblanadi. Bu vitamin yetishmasa, keksalarda lohaslik, uyquchanlik, kasalliklarga tez chalinuvchanlik (gripp, O’RVI — o’tkir respirator virusli infeksiyalar kabi xastaliklar), bosh aylanishi, immunitet susayib ketishi, asabiylik kuzatiladi.

Keksalar taomnomasida organizm uchun zarur bo’lgan barcha vitaminlar va makro hamda mikro moddalar mavjud bo’lishi shart. Chunki organizmning jismoniy va aqliy rivojlanishi uchun zarur bo’lgan birorta modda yetishmasa, salomatlikka jiddiy putur yetadi.

Yosh o’tishi bilan inson organizmi suvsizlana boradi. Misol uchun, yoshlarning tanasida 60 foiz suv bo’lsa, keksalarda bu ko’rsatkich 50 foizni tashkil etadi. Odamning tanasida yashirin chanqoqlik kuzatilsa, moddalar almashinuvi sekin kechadi, qon quyuladi va immunitet pasayib, turli kasalliklarga tez chalinish xavfi ortadi. Ushbu salbiy holatning oldini olish uchun 1, 5 litr suyuqlik iste’mol qilish zarur. Shunda qarish jarayoni ham sekinlashadi.

MUNIS tayyorladi.

(«7 Mo”jiza» xazinasidan)

Leave a Reply

Ваш адрес email не будет опубликован. Обязательные поля помечены *