Tabobat

Qalampirmunchoq angina va hiqichoqni bartaraf etadi

Комментариев нет

Qalampirmunchoq Hindistonda qadimdan tish, bo’g’im, oshqozon buzilishi, astma, yo’tal, teri kasalliklari va hatto bosh og’rig’ida qo’llaniladigan shifobaxsh vositaga aylangan.

Qalampirmunchoq boy kimyoviy tarkibga ega bo’lib, uning g’unchasida juda yuqori miqdorda, ya’ni vazniga nisbatan 20 foiz ko’p evginol efir moyi mavjud. Bundan tashqari, qalampirmunchoq tarkibida oleanol kislotasi, glikozidlar, karifillen, gumulen, oshlovchi va tarkibida yog’ bo’lgan moddalar, V1, A, RR, V2, S vitaminlari mavjud. Shuningdek, bu ziravor o’zida kalsiy, magniy, fosfor, natriy va temir moddalarini mujassam qilgan.  Qalampirmunchoq juda mashhur ziravor bo’lib, uning quritilgan g’unchalaridan foydalaniladi.

Qalampirmunchoq antiseptik, og’riq qoldiruvchi, yel va gijja haydovchi, tomir kengaytiruvchi, tirishib-tortishib qolishga qarshi, ovqat hazm qilish, balg’am ko’chirish, peshob haydash, ter bakteriyalarini o’ldiruvchi hamda mikroblarga qarshi kurashish ta’sir kuchiga ega vosita bo’lib, garchi ayrim mamlakatlar oshxonasida ziravor sifatida ishlatilsa-da, shifobaxshligi tufayli zamonaviy tibbiyot va xalq tabobatida keng qo’llaniladi.

Undagi efir moyi asab tizimini tinchlantirib, stress holatini yo’qotadi, nevrozni davolaydi va mahalliy qon aylanishini yaxshilaydi. Shuningdek, terini tiklash va yumshatish xususiyatlariga ega.

Stomatologiyada

Qalampirmunchoq tish kasalliklarida tengsiz muolaja vositasi sanaladi. U zararlangan og’iz shilliq pardasi, karies, parodontoz, pulpitda yallig’lanishni yo’qotadi. Qadimda qalampirmunchoqdan tayyorlangan kukunni milklarga ishqash yoki shunchaki quritilgan g’unchasini chaynash yordamida tish og’rig’i bartaraf etilgan. Qalampirmunchoqdan olingan moy esa yiringli tish og’rig’ida juda foydali malham sanaladi. U og’riqni kamaytirish bilan birga infeksiya tarqalib ketishining oldini oladi.

Otolaringologiyada

* Quloq og’rig’ida qalampirmunchoq va kunjut moylari aralashtiriladi. So’ng aralashma isitilib, 2-3 tomchisi quloqqa tomiziladi.

* 5-6 dona qalampirmunchoqni 30 ml suvda qaynatib, kuniga uch mahal asal bilan birga balg’am ko’chiruvchi vosita sifatida foydalanish mumkin.

* 6-7 dona qalampirmunchoqni 15 g arpabodiyon urug’i bilan yarim litr suvda to’rtdan bir qismi qolguncha qaynatiladi. Bunday qaynatma shakar bilan birga shamollash va tumovda juda samarali vosita sanaladi.

* Qalampirmunchoqni osh tuzi bilan chaynash yo’talni bartaraf etadi.

* Agar yo’talayotgan bo’lsangiz va tomog’ingiz ham shamollagan bo’lsa, qovurilgan qalampirmunchoqni chaynab ko’ring. U, shuningdek, halqumdagi yallig’lanish (faringit) jarayonini to’xtatishda ajoyib vosita sanaladi.

* Astmani davolash uchun 2 dona qalampirmunchoq, 12-15 dona rayhon urug’i, 10 dona murch donachalarini 15 daqiqa davomida qaynatib, ikki choy qoshiq asal va sut bilan ichish kerak.

Gastroenterologiyada

Qalampirmunchoq angina va hiqichoq tutishini davolashda tengi yo’q vosita. Buning uchun 200 ml sutni qaynatib, unga 5 dona qalampirmunchoqning maydalangan kukunini qo’shamiz. Qaynatmani issiqligicha og’izda biroz ushlagan holda mayda-mayda ho’plab ichish lozim.

* Oshqozonda kislota darajasi oshiqcha bo’lgan insonlar qalampirmunchoqni so’rib yursa, u me’yoriy holatga keladi.

* Hazm jarayonini yaxshilash uchun ovqatlanishdan bir necha daqiqa oldin bir choy qoshiq asalga bir chimdim maydalangan qalampirmunchoq qo’shib iste’mol qilish kerak.

* Ko’ngil aynishi va qayt qilishni to’xtatish uchun qalampirmunchoq kukuni va asalni aralashtirib, pasta tayyorlash lozim.

Travmatologiyada

Artrit va artrozda bir necha tomchi qalampirmunchoq moyini massaj vositasiga qo’shib ishlatish samarali ta’sir ko’rsatadi. Bitishi qiyni bo’layotgan yaralar va chipqonni ham qalampirmunchoq moyini malham sifatida zararlangan joyga bevosita qo’yish orqali davolash mumkin.

* Qalampirmunchoq va xantal moyining bir necha tomchisini aralashtirib ichish bo’g’imlar og’rig’i va mushaklar spazmida juda yaxshi foyda beradi.

Ginekologiyada

Ginekologiyada qalampirmunchoq moyi ajoyib ta’sir ko’rsatadi. U to’lg’oq vaqtida samarali yordam beradi. Shuningdek, qalampirmunchoqdan bachadon tonusini ko’tarish va hayz jarayonini me’yorlashtirishda foydalanish mumkin.

Shuningdek…

* Qalampirmunchoq moyi shakar bilan birga qorin og’rig’ini davolaydi.

* Qalampirmunchoqdan osh tuzi bilan birga bo’tqa tayyorlab, uni sut bilan ichsangiz, bosh og’rig’idan xalos qiladi.

* Sil kasali (tuberkulyoz)da ro’y beradigan notekis yo’tal, bronxit va astmani davolash uchun qalampirmunchoq moyi va sarimsoq qo’shilgan asalni aralashtirib, har kuni uyqudan oldin iste’mol qilish kerak.

* Govmichchani davolashda qalampirmunchoqni suvda qaynatib, zararlangan joyga bosiladi.

* Og’izdan yoqimsiz hid kelganda ham qalampirmunchoq chaynash juda yaxshi samara beradi.

Ro’zg’orda

* Qalampirmunchoq moyidan hasharotlarni yo’qotishda ham samarali foydalaniladi. Buning uchun u 1:10 nisbatda suv bilan aralashtirilib, hasharot bor joyga sepiladi.

Qalampirmunchoqli choy

Qaynagan suvga 3-4 dona qalampirmunchoq kurtagi solinib, 5-10 daqiqa damlab qo’yiladi.

Ushbu xushbo’y va mazali choy shilliq pardalarni tozalab, quvvatni oshiradi va bardamlashtiradi.

Qalampirmunchoq moyini tayyorlash usuli

100 ml zaytun moyiga 1 osh qoshiq qalampirmunchoq qo’shiladi va past olovda qaynaguncha turadi. Keyin qaynatma sovitiladi va dokadan o’tkazilib, muzlatkichda saqlanadi.

Taqiqlanadi…

Qalampirmunchoq 2 yoshgacha bo’lgan bolalarga, gipertoniyadan aziyat chekayotganlarga va homilador ayollarga to’g’ri kelmaydi. Yuqori kislotali gastrit, oshqozon yarasi, shuningdek, madorsizlik va zo’riqishda ham qalampirmunchoqdan foydalanmagan ma’qul.

BARNO tayyorladi.

(«7 Mo”jiza» xazinasidan)

Related Articles

Добавить комментарий

Ваш адрес email не будет опубликован. Обязательные поля помечены *

Заполните поле
Заполните поле
Пожалуйста, введите корректный адрес email.

Asal va dolchinning shifobaxsh xususiyatlari
Qarimaslik sirlari: yoshi ulug’ insonlar qanday ovqatlanishi kerak?
Меню