U23: O'zbekiston jamoasining chorak finaldagi raqibi aniq bo'ldi

O’zbekistonda futbol bo’yicha U23 Osiyo kubogi 3-tur bahslari o’tkazilmoqda. Bugun yakunlangan «V» guruhi bellashuvlaridan so’ng o’zbek yoshlarining chorak finaldagi raqibi ma’lum bo’ldi.

Bugun o’tkazilgan bahslardan so’ng qo’shni kvartetda Iroq yoshlar terma jamoasi ikkinchi o’rin bilan  pley-off  yo’llanmasiga sazovor bo’ldi.

O’zbekiston Milliy Olimpiya qo’mitasi xabariga ko’ra, endi O’zbekiston Iroq bilan yarim final yo’lida bahsi olib boradi. Uchrashuv 11 iyun kuni soat 21:00 da «Paxtakor» markaziy stadionida start oladi.

Eslatib o’tamiz, ayni daqiqalarda O’zbekiston Eronga qarshi uchrashuv o’tkazmoqda.

Qatarga qarshi kechgan bahsda 6:0 hisobida g’alaba qozongan O’zbekiston muddatidan avval chorak final yo’llanmasini qo’lga kiritgandi. Jamoa bugun qanday natija qayd etishidan qat’iy nazar chorak finalda ishtirok etadi.

Biroq ayni damda O’zbekiston Futbol Assotsiatsiyasi bergan xabarga ko’ra, o’zbekistonlik Otabek Jo’raqo’ziyev Eron darvozasini ishg’ol qilib ulgurdi.