O’zbekiston futbol assotsiatsiyasi matbuot xizmati xabariga ko’ra, Katanes Dubaydagi yig’inga Sloveniyadan yetib kelishi rejalashtirilgan edi. Biroq bevosita ketish oldidan koronavirusga topshirgan testi musbat chiqqan.

“Shu tariqa, sloveniyalik mutaxassis o’z yurtida karantin o’tashga majbur bo’ldi. Umid qilamizki, karantin davri tugagach, murabbiyimiz o’z sog’lig’ini tiklagan holda terma jamoa boshqaruviga qaytadi”, – deyilgan xabarda.

Unga qadar Katanesning yordamchi murabbiylari yig’inning boshlang’ich qismida terma jamoani boshqarib turadi.

Shuningdek, Dubaydagi yig’inga jalb qilingan futbolchi Hojimat Erkinovda koronavirus aniqlangan. U belgilangan tartibda karantinda.

O’zbekiston milliy terma jamoasi 2022 yildagi ilk o’quv mashg’ulot yig’inini o’tkazish uchun 10 yanvar kuni Dubayga jo’nab ketgan edi.