Mbappe Pogba bilan bir maydonda o'ynashdan mamnun emas

«Yuventus» klubi va Fransiya terma jamoasi yarim himoyachisi Pol Pogba atrofida mojaroli shov-shuvlar davom etmoqda.

Bir necha kun avval futbolchining Matias ijtimoiy tarmoqda video murojaat qoldirgan. Unda Matias Pol Pogba, uning agenti Rafael Pimenti va Kilian Mbappega oid katta shov-shuvlarga sabab bo’ladigan video borligini ma’lum qilgan. Pol esa ushbu voqea yuzasidan politsiyaga murojaat qildi.

Prokuratura «uyushgan guruh tomonidan shantaj qilishga urinish» bo’yicha ish qo’zg’agan. Get French Football News nashri xabariga ko’ra, 29 yoshli futbolchini joriy yilning mart oyida bolalikdagi do’stlari va ikki nafar qurollangan shaxs Parijdagi uyga aldov yo’li bilan chaqirgan va Poldan 13 million yevro talab qilgan. Talonchilar Pogbaga u professional futbol faoliyatini boshlagandan buyon ularga yordam berishni to’xtatganini aytgan.

Pogbadan «ko’rsatilgan xizmatlar» uchun pul talab qilingan — go’yoki ular Polni 13 yil davomida yashirincha qo’riqlab kelgan. «Yuventus» futbolchisining ta’kidlashicha, bundan keyin u akasi Matias va bolalikdagi do’stlari tomonidan tahdidga uchray boshlagan. Shuningdek, ushbu xabarlar oqimida, go’yoki Pogba «sehrgar»dan Kilian Mbappeni afsun qilib qo’yishini so’raganligi ham aytildi. Futbolchining o’zi bu ayblovni rad etgan.

L’Equipe xabar tarqatishicha, Mbappe va uning atrofidagilar ushbu voqealarni diqqat bilan kuzatmoqda. Agar Pogba «sehrgarlar» xizmatidan foydalangani aniqlansa, Mbappe u bilan Fransiya terma jamoasi safida birga to’p tepishdan bosh tortmoqchi.

Eslatib o’tamiz, noyabr oyida Qatarda navbatdagi jahon chempionati boshlanadi. Fransiya amaldagi chempion sifatida musobaqada ishtirok etadi.