Indoneziyadagi stadionda tartibsizliklar vaqtida 120 dan ortiq kishi halok bo'ldi (video) Indoneziyada futbol o’yinida tiqilinch yuzaga kelishi oqibatida kamida 127 kishi halok bo’ldi. Politsiya ma’lumotiga ko’ra, yana 180 nafarga yaqin kishi shifoxonaga yotqizilgan.

Fojia Malange shahridagi stadionda mahalliy «Arema» klubi va Sharqiy Yava provinsiyasi markazi bo’lgan Surabayaning «Persebaya» klubi o’rtasidagi futbol uchrashuvi vaqtida ro’y bergan.

O’yin mehmonlarning 3:2 hisobidagi g’alabasi bilan yakunlangan. Final hushtagi chalingach «Arema»ning minglab muxlislari maydonga chopib chiqqan, to’qnashuvlar boshlangan.

 

Politsiya ko’zdan yosh sizdiruvchi gaz qo’llagan, tiqilinch yuzaga kelgan. Tibbiyot xodimlari ma’lumotiga ko’ra, o’lim holatlarining ko’p qismi bo’g’ilish tufayli sodir bo’lgan.

Tartibsizliklar stadion tashqarisida ham davom etgan, bir qancha politsiya avtomobillari yoqib yuborilgan. Ikki politsiyachi halok bo’lgan.

Hukumat tekshiruv o’tkazishni boshlagan. Indoneziya futbol federatsiyasi «Arema» klubiga mavsum oxiriga qadar uy o’yinlari o’tkazishni taqiqlagan va shu haftada o’tkazilishi belgilangan barcha o’yinlarni keyinroqqa qoldirgan.