Quyosh tizimida noma’lum bir sayyorani izlash olimlarni yuz yildan ortiq vaqtdan beri qiziqtirib keladi. Endi esa yangi tadqiqot shunday ehtimoliy nomzodni ilgari surmoqda – tadqiqotchilar uni “Y sayyorasi” deb atagan.
Bu sayyora bevosita kuzatilmagan, balki Neptun ortida joylashgan Quyper kamaridagi ayrim uzoq jismlar orbitalarining g‘alati og‘ishlari orqali xulosa qilingan. Olimlar aytishicha, bu og‘ishlarni nimadir buzmoqda va ularni og‘ishga majbur qilmoqda.
“Bir izoh – bu ko‘zga ko‘rinmaydigan sayyoraning mavjudligi. U ehtimolan Yerdan kichikroq, ammo Merkuriydan kattaroq bo‘lishi mumkin va Quyosh tizimining chuqur tashqi qismida aylanib yuradi” dedi tadqiqotning yetakchi muallifi, Prinston universiteti astrofizika fanlari bo‘limi doktoranti Amir Siraj.
“Y sayyorasi” – so‘nggi yillarda olimlar taklif etgan gipotetik sayyoralar qatoridagi eng yangi nomzod hisoblanadi. Ular turlicha xususiyatlarga ega bo‘lsa-da, umumiy qarash shundaki, ularning barchasi Quyper kamarida – 2006 yilda to‘liq sayyora maqomidan mahrum qilinib, “gnom sayyora” deb qayta tasniflangan “Pluton” bilan bir hududda – yashirin holda mavjud bo‘lishi mumkin.

Ko‘plab “to‘qqizinchi sayyora” nomzodlari paydo bo‘lishining sababi shundaki, Quyper kamari – Quyosh tizimining juda uzoq va qorong‘u qismi bo‘lib, u yerda kuzatuvlar juda qiyin va to‘liq emas. Ammo bu to‘siqlar tez orada yo‘qolishi mumkin: chunki yangidan qurilayotgan Vera C. Rubin observatoriyasi yaqin orada 10 yillik osmon kuzatuvlarini boshlaydi.
“Menimcha, ilk ikki-uch yil ichida masala aniq bo‘ladi. Agar “Y sayyorasi” teleskop ko‘rish maydonida bo‘lsa, u uni to‘g‘ridan to‘g‘ri aniqlay oladi” dedi Siraj.
Qizg‘in bahs
1846 yilda Neptun kashf etilgandan keyin, astronomlar Quyosh tizimida yana bir noma’lum sayyorani izlashni davom ettirdi. XX asr boshlarida bu nomzod “X sayyorasi” nomi bilan mashhur bo‘ldi – bu atamani mashhur astronom Persival Lovell ommalashtirgan. Uning fikricha, Neptun va Uran orbitalaridagi noodatiy og‘ishlar hali kashf etilmagan uzoqdagi bir jism sababli yuzaga kelgan.
1930 yilda Pluton topilganida, astronomlar uni to‘qqizinchi sayyora deb e’lon qildi va avval boshda uni “X sayyorasi” deb hisobladi. Ammo keyingi o‘n yilliklarda ma’lum bo‘ldiki, Pluton bu og‘ishlarni tushuntirish uchun juda kichik. 1990 yillar boshiga kelib esa “Voyager 2” zondidan olingan ma’lumotlar Neptun oldin o‘ylanganidan yengilroq ekanligini ko‘rsatdi, bu esa orbital buzilishlarni izohlash uchun yangi sayyora gipotezasini keraksiz qildi.
Qidiruv 2005 yilda qayta faollashdi – uch astronom, jumladan Mayk Braun (Kaliforniya texnologiya institutidagi sayyoraviy astronomiya professori) Eris nomli muzlik jismni topdi. U Plutondan bir oz kattaroq bo‘lib, Quyoshni Quyper kamari orqali aylanib yurardi.

Bu kashfiyot natijasida Pluton sayyora maqomidan mahrum qilinib, “gnom sayyora” deb qayta tasniflandi. 2016 yilda esa Braun va hamkasbi Konstantin Batigin o‘z tadqiqotlarida Quyosh tizimida yana bir sayyora mavjud bo‘lishi mumkinligini ilgari surdi va uni “To‘qqizinchi sayyora” (Planet Nine) deb atadi.
Tadqiqotchilarning fikricha, To‘qqizinchi sayyora Yerning 5-10 baravari massaga ega bo‘lib, Plutondan ancha uzoqda – Yer va Quyosh orasidagi masofadan taxminan 550 baravar nariroq masofada aylanib yuradi. Yillar davomida olimlar turli o‘lchamdagi yashirin sayyoralar haqida – Mars hajmidagi jismdan tortib “super-Pluton”gacha – gipotezalarni ilgari surishgan.
Amir Sirajning ta’kidlashicha, To‘qqizinchi sayyora yoki “Y sayyorasi”ni izlash astronomiyada juda qizg‘in bahsga aylangan:
“Bu juda qiziqarli muhokama va aynan shu ilmiy bahslar bizni bu mavzuni tadqiq etishga undadi. Menimcha, biz juda omadli avlodmiz – chunki bu kashfiyotlar aynan bizning davrimizda amalga oshishi mumkin”, dedi u.
Sirajning ta’kidlashicha, To‘qqizinchi sayyora va “Y sayyorasi” bir-birini istisno qilmaydi – ikkalasi ham bir vaqtda mavjud bo‘lishi mumkin.
Sirajning “Y sayyorasi”ni izlash ishlari taxminan bir yil oldin boshlangan. U Quyper kamarining shakli tekismi-yo‘qmi, degan savolga javob izlayotgan edi:
“Quyosh tizimidagi sayyoralar orbitalari biroz yuqori-pastga og‘adi, ammo umumiy holda ular vinil plastinkadagi yo‘lakchalarga o‘xshash tekislikda joylashgan. Shu bois, Neptundan tashqaridagi muzlik jismlar ham xuddi shunday tekis joylashgan bo‘lishi – stol yuzasi plastinka bilan parallel bo‘lishi kerak edi. Ammo bu kuzatilmadi.
Juda hayratlanarli holat shu bo‘ldiki, Yer-Quyosh masofasidan taxminan 80 baravar uzoqda Quyosh tizimi nogahonan 15° darajaga og‘ib qolgan. Aynan shu holat “Y sayyorasi”gipotezasini ilhomlantirdi. Biz bu og‘ishni sayyoradan boshqa omil bilan tushuntirishga urindik, lekin baribir natijada sayyoraning mavjudligi kerakligi ma’lum bo‘ldi. Agar bu tizimning shakllanish jarayonidagi xususiyat bo‘lganida yoki yaqinda o‘tgan yulduz ta’sirida bo‘lganida, bu og‘ish allaqachon yo‘qolgan bo‘lardi”, dedi Siraj.
Siraj va uning hamkasblari kompyuter simulyatsiyalarini o‘tkazdi – ular barcha ma’lum sayyoralarni va gipotetik birini modelga kiritdi. Parametrlarni o‘zgartirib borgan holda, ular avvalgi “To‘qqizinchi sayyora” gipotezasi modelga mos kelmasligini aniqldi va yangi sayyora gipotezasi kerakligini tushundi.

“Y sayyorasi” ehtimol Merkuriy bilan Yer orasidagi massaga ega bo‘lib, Yer–Quyosh masofasidan taxminan 100–200 baravar uzoqda joylashgan va boshqa sayyoralarga nisbatan 10° dan ortiq og‘ish bilan aylanadi”, dedi Siraj.
Yaqqollikka tomon
Quyper kamarini kuzatish juda qiyin bo‘lgani sababli, astronomlar u yerda sayyora bor-yo‘qligini aniqlash uchun faqat cheklangan sondagi jismlarning orbitalarini o‘rganishga majbur. Siraj olib borgan tadqiqotda bu jismlar soni taxminan 50 ta atrofida bo‘lib, bu “Y sayyorasi” mavjudligini hozircha faqat taxmin darajasida qoldiradi.
“Bu taxminan 50 ta jism orbitasi asosida hisoblanganda, statistik ahamiyat darajasi 96% – 98% oralig‘ida. Juda kuchli, lekin hali ham oxirgi xulosa uchun yetarli emas”, dedi u.
Bu kabi yana ko‘p jismlar Chilidagi Vera Rubin observatoriyasi joriyyil kuzda asosiy missiyasini boshlagandan so‘ng aniqlanishi kutilmoqda. 2 682 metr balandlikda joylashgan teleskop dunyodagi eng yirik raqamli kameraga ega bo‘lib, har uch kunda butun osmonni tasvirga oladi.
“Bu haqiqatan ham muhandislikning ajoyib namunasi. Bu bizga koinotning go‘yo kinofilmini ko‘rish imkonini beradi, har kadr uch kunlik vaqt bilan yangilanib turadi. Bu Quyosh tizimini to‘liq ro‘yxatdan o‘tkazish uchun ideal tadqiqot, chunki biz uzoqdagi jismlarni, jumladan hali topilmagan sayyoralarni topish uchun butun osmonni izlashimiz kerak”, dedi Siraj.
Kaliforniya texnologiya instituti professori va “To‘qqizinchi sayyora” haqida ko‘plab tadqiqotlar muallifi Konstantin Batigin bu tadqiqotda ishtirok etmagan bo‘lsa-da, uni qiziqarli yondashuv deb atadi:
“Kelgusi yillarda Vera Rubin observatoriyasi tashqi Quyosh tizimining dinamik tuzilishini hech qachon bo‘lmagan darajada aniqlash imkonini beradi. Rubin ma’lumotlari kelgandan so‘ng, Quyper kamaridagi og‘ish haqiqatan ham qo‘shimcha sayyoralarga ishora qiladimi-yo‘qmi, buni aniq bilib olamiz”, dedi u.

Kanadadagi Regina universiteti professori Samanta Loler tadqiqotni “mavjud ma’lumotlarni boshqacharoq usulda tahlil qilgan ehtiyotkorona ish” deb baholadi. U ham bu tadqiqotda ishtirok etmagan.
“Natijalar qiziqarli, lekin hali ham aniq dalillar emas. Menimcha, orbitalarni yig‘ilishga majbur qilayotgan ulkan, uzoqdagi sayyora mavjudligiga yaxshi dalil yo‘q. Ammo menimcha, u yerda ba’zi juda uzoqdagi jismlarning orbitasini asta-sekin og‘dirib turgan kichikroq bir jism mavjudligi haqida umidli dalillar bor”, dedi Loler.
Loler ham Vera Rubin teleskopi yaqin yillarda minglab yangi Quyper kamari jismlarini aniqlab, bu gipotezalarni sinovdan o‘tkazishini tasdiqladi.
Yaponiyaning Kinday universiteti professori Patrik Sofiya Likavka ham tadqiqotda ishtirok etmagan bo‘lsa-da, uni “olis Quyper kamariga qiziqarli nazar” deb atadi.
“Merkuriydan Yergacha bo‘lgan o‘lchamdagi sayyora bunday og‘ishni keltirib chiqarishi mumkin degan fikr juda oqilona. Bu hozirda Quyosh tizimining uzoq chekkalarida hali topilmagan sayyora borligi haqidagi gipotezaga yanada og‘irlik beradi. Nihoyat, tadqiqot shuni ko‘rsatadiki, Neptundan tashqari jismlarni, ayniqsa Quyper kamaridagi uzoq jismlarni kuzatish juda muhim, chunki ular butun Quyosh tizimining bir necha milliard yillar avval qanday shakllanganini chuqurroq tushunish kalitiga ega”, dedi u.