Time jurnalining «Yil odami» taqdirlash marosimiga birvarakayiga ikki Mask — Ilon va uning o'g'li X Æ A-12 keldi

Tesla va SpaceX kompaniyalarining asoschisi Ilon Mask Time jurnalining Nyu-Yorkda bo’lib o’tgan taqdirlash marosimiga kenja o’g’li X Æ A-12 bilan birgalikda tashrif buyurdi.

Time versiyasiga ko’ra «Yil odami» deb topilgan Mask qarsaklar ostida sahnaga chiqqan. Qo’lida esa o’g’li X Æ A-12 ni ko’tarib turgan. Ilon nutq so’zlayotgan chog’da bolakay otasining tizzasida o’tirgan. Time’ning bosh muharriri Edvard Felzental Maskni odamlarning Yerdagi va ehtimol, undan tashqaridagi hayotiga g’ayrioddiy ta’sir ko’rsatgan inson deb atagan.

2020 yilda Time AQSh prezidenti Jo Bayden va vitse-prezident Kamala Xarrisni ushbu maqomga loyiq deb topgan edi.

Avvalroq Ilon Maskning 1,5 yoshli o’g’li otasi bilan majlisda qatnashgani, u videokonferensiya ishtirokchilariga murojaat ham yo’llagani haqida xabar berilgandi.