Butun dunyoda 2023 yilning avgustidan joriy yilning may oyigacha 163 nafar jurnalist o‘ldirilgan. Bu haqda Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi Antoniu Guterrish ma’lum qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, UNESCO 2023 yil avgustidan 2025 yil may oyigacha 163 nafar jurnalistning o‘ldirilganini qayd etgan. Ulardan 109 nafari, jumladan, 12 nafar ayol jangovar hududlarda halok bo‘lgan. Eng ko‘p qurbonlar G‘azo sektorida (46 kishi), Sudanda (13 kishi) va Ukrainada (8 kishi) qayd etilgan.
Jurnalistlar qotilligi urush kechmayotgan mamlakatlarda ham davom etmoqda. Masalan, UNESCO ma’lumotiga ko‘ra, Meksikada vaziyat ko‘plab urush zonalaridagidan xavfliroq. Ko‘rsatilgan davrda u yerda 15 nafar OAV xodimi o‘ldirilgan. Eng ko‘p tasdiqlangan qotillik holatlari arab davlatlarida (82 ta) qayd etilgan, undan keyin Lotin Amerikasi va Karib havzasi mamlakatlari (34 ta), Afrika (5 ta), Osiyo-Tinch okeani mintaqasi (30 ta) hamda Yevropa va Shimoliy Amerika (12 ta) keladi.
Ma’lumot uchun, 2013 yilda BMT Bosh assambleyasi tomonidan 2 noyabr Jurnalistlarga qarshi jinoyatlar uchun jazolanishsizlikka barham berish kuni sifatida e’lon qilingan va har yili nishonlanadi. Sana 2013 yilda Malida o‘ldirilgan ikki fransuz jurnalisti xotirasiga bag‘ishlangan. Bu kun dunyoga jurnalistlarga qarshi zo‘ravonlik uchun jazosizlik so‘z erkinligi, demokratiya va jamiyatning ishonchli axborot olish huquqiga tahdid solishini eslatadi.
UNESCO ma’lumotlariga ko‘ra, OAV xodimlariga qarshi jinoyatlar uchun jazosizlik darajasi global miqyosda hanuz yuqori. Eng baland ko‘rsatkich Yaqin Sharq va Shimoliy Afrika mintaqasida qayd etilgan, undan keyin Osiyo-Tinch okeani mintaqasi va Afrika keladi. Bunday holat ko‘plab mamlakatlarda huquqni muhofaza qilish va sud tizimlarining zaifligi hamda korrupsiyaga botganligi, siyosiy irodasizlik, shuningdek, siyosatchilar, korrupsiyalashgan ishbilarmon doiralar va uyushgan jinoyatchilik o‘rtasidagi aloqalar bilan izohlanadi.
“Chegarasiz muxbirlar” tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, 2023-2025 yillar oralig‘ida dunyo bo‘yicha kamida 1163 nafar jurnalist hibsga olingan, ularning 568 nafari 48 ta mamlakatda hanuz qamoqda saqlanmoqda. Jurnalistlarning deyarli yarmi besh davlat – Belarus, Xitoy, Isroil, Myanma va Rossiya Federatsiyasida qamoqqa olingan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Isroil armiyasi G‘azo shahridagi Al-Ahli shifoxonasiga hujum uyushtirishi oqibatida kamida to‘rt falastinlik jurnalist halok bo‘lgandi. Ularning orasida Sulaymon Hajjaj va Ismoil Bada (ikkalasi ham “Palestine Today” telekanalida ishlagan), Samir al-Rifai (“Shams News” agentligi) va Ahmad Qalaja bo‘lgan. Hujumda yana bir necha jurnalistlar jarohat olgan.