image0

Bugun, 30 oktyabr kuni Quyoshda kuchli va yirik portlashlar to‘lqinidan so‘ng ilk bor faollik indeksi nol darajagacha tushdi. Bu haqda Quyosh astronomiyasi laboratoriyasi xabar berdi.

Olimlarning ma’lum qilishicha, bu yil boshidan beri birinchi marta Quyosh portlashlari faolligi indeksi nol qiymatni qayd etgan.

“Bu shuni anglatadiki, 2 sutka (48 soat) davomida Quyoshning Yerga qaragan tomonida birorta ham portlash sodir bo‘lmadi. Quyoshning teskari tomonida sodir bo‘lgan hodisalar Quyosh portlashlari katalogiga kiritilmaydi, chunki ularni aniq o‘lchashning imkoni yo‘q”, deyiladi xabarda.

Bildirilishicha, Quyosh yil boshidan beri o‘z faolligi bo‘yicha “ziddiyatli” signallar berishda davom etmoqda.

“Bir hafta yoki undan ortiq davom etadigan kuchli portlashlar davrlari ba’zida atigi 1-2 kunda “sokin mavsum”ga o‘rin bo‘shatadi, bu davr ham haftalab davom etishi mumkin. Yil davomida Quyosh siklining global indekslarida ham o‘ta o‘zgaruvchanlik kuzatilmoqda – ular ba’zida ko‘tarilib, ba’zida pasaymoqda, bu esa hozircha aniq tendensiyani aniqlash imkonini bermayapti”, deydi olimlar.

Mutaxassislarning fikricha, hozirgi o‘lchovlar bir tomondan Quyosh faolligining pasayish yo‘nalishida ekanini ko‘rsatmoqda. Shu bilan birga, portlash faolligi indeksi so‘nggi marta bundan bir yarim yil avval – 2024 yil 3-4 aprel kunlari nol darajaga tushgan. Ammo oradan atigi bir oy o‘tib, 2024 yil may oyida Quyoshda so‘nggi 20 yil ichidagi eng yirik faol portlash yuz bergan va u beshinchi darajadagi eng kuchli magnit bo‘ronlari bilan kuzatilgan.

“Ma’lum bo‘lishicha, indeks bir necha kun ichida yana o‘sishni boshlaydi. Prognozlarga ko‘ra, Quyoshning teskari tomonidan Yerga qarab yangi yirik faollik markazlari chiqmoqda”, deya bayonot bergan olimlar.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq olimlar so‘nggi oylardagi eng kuchli Quyosh portlashlaridan birini qayd etgan edi.