Rossiya Prezidenti Administratsiyasi bergan ma’lumotga ko’ra, Vladimir Vladimirovich Putin 1952 yilda SSSR vaqtidagi Leningrad, hozirgi Sankt-Peterburgda tug’ilgan. Ushbu rasmiy ma’lumotlarga qaramay, omma orasida Putinning Samarqandda tug’ilgani haqida mish-mish ham keng tarqalgan. Bunga qaysidir ma’noda Vladimir Vladimirovichning SSSR Davlat xavfsizlik qo’mitasida ishlagani ham sabab bo’lgan. Albatta, bunday maxfiy strukturada xodimlar haqidagi ma’lumotlar qattiq sir saqlanishi tabiiy va axborot yetishmasligi o’z-o’zidan dezinformatsiya keltirib chiqaradi.

Shu o’rinda, Rossiyaning o’zida, siyosiy ziyolilar orasida Prezident Putinning kelib chiqishi mavhumligicha qolmoqda. Jumladan siyosiy fanlar doktori, 2003-2007-yillarda Davlat Dumasi deputati bo’lgan Savelyev Andrey o’z blogida shunday deb yozgan:

“Darhaqiqat, Putinning tarjimai holi yo’q. Bu insonning kelib chiqish tarixi o’ylab topilgan. Aniq ma’lumotlar mavjud emas. Uning ota-onasi kim bo’lgani, haqiqatan ham noma’lum. Uning oilasi qaerdan kelganini hech kim bilmaydi. Go’yo Putinning umuman qarindoshlari yo’qdek. Maktabda uning yonida o’qiganlar yoki hech narsani eslolmaydi yoki hamma narsani unutishga majbur qilingan”.

Rossiyada 2010 yili aholini qayta ro’yxatga olish paytida Putin o’zi haqida to’xtalib o’tgan. Aytishicha, uning millati rus. Otasi Vladimir Spiridonovich Ikkinchi Jahon urushida qantashgan, suvosti flotida xizmat qilgan. Onasi Mariya Ivanovna oddiy zavod ishchisi, Ikkinchi jahon urushidan so’ng “Leningrad himoyasi uchun” medali bilan taqdirlangan. Putinning otasi ham, onasi ham uning Rossiya Prezidentiga aylanishidan bir oz avval vafot etgan.

Qiziq holat, 2015 yili Prezident Putinning shaxsan o’zi “Russkiy Pioner” jurnali uchun yozgan maqolasida otasi 1998 yilda, onasi esa 1999 yilda vafot etgani haqida ma’lumot berilgan. Biroq, 2017 yilda Putun 3 karra “Oskar”ni yutgan Oliver Stounga bergan intervyusida esa, aksincha, birinchi onasi, keyin otasi vafot etganini aytgan. Haqiqat ham Putinning kelib chiqishi, oilasi haqidagi ma’lumot chigal. Balki, u rostdan ham samarqandlikdir…

 

Manba: @etnosuz