O'zaro yozishmalarni oshkor qilish mumkinmi?

O’zaro yozishmalarni oshkor qilish mumkinmi?

So’nggi paytlarda ijtimoiy tarmoqlarda va boshqa axborot manbalarida fuqarolar o’rtasidagi o’zaro yozishmalar va telefonda so’zlashuvlarini oshkor qilishning qonunga muvofiqligi borasida munozaralar ko’paymoqda.

Boshqacha aytganda, ayrim fuqarolar tomonidan ijtimoiy tarmoqlar yoki messenjerlarida o’zaro muloqot qilayotgan (telefonda so’zlashayotgan) boshqa bir fuqaroning xabarlarini rasmga olib (skrinshot qilib, diktofonga yozib olib) yoki uning mazmunini ushbu muloqotda qatnashmayotgan boshqa shaxslarga oshkor qilinishiga qonunchilikda ruxsat berilgan yo berilmaganligi haqida bahslar kuzatilmoqda.

Axborot texnologiyalarining rivojlanishi bilan bir qatorda insoniy munosabatlar ham rivojlanmoqda, messenjerlar va ijtimoiy tarmoqlarda yozishmalar keskin oshib, turli guruhlarda axborot almashinuvi kuchaymoqda.

Shuning uchun ham qonunning to’g’ri tushunilishi ta’minlash maqsadida va har kim o’z huquq va majburiyatlarini aniq tushungan holda harakat qilishi uchun Adliya vazirligi keng jamoatchilikka tegishli huquqiy tushuntirish berishni o’rinli deb hisoblaydi.

Birinchidan, Konstitutsiyaning 27-moddasiga asosan hech kim qonunda nazarda tutilgan hollardan va tartibdan tashqari birovning yozishmalari va telefonda so’zlashuvlar sirini oshkor qilishi mumkin emas.

Shuningdek, ushbu qoida “Aloqa to’g’risida”gi Qonunning 10-moddasida ham mustahkamlangan. “Axborot erkinligi prinsiplari va kafolatlari to’g’risida”gi Qonunning 13-moddasiga ko’ra jismoniy shaxsning roziligisiz uning shaxsiy hayotiga taalluqli axborotni, xuddi shuningdek shaxsiy hayotiga taalluqli sirini, yozishmalar, telefondagi so’zlashuvlar, pochta, telegraf va boshqa muloqot sirlarini buzuvchi axborotni to’plashga, saqlashga, qayta ishlashga, tarqatishga va undan foydalanishga yo’l qo’yilmasligi belgilangan.

Demak, yuqoridagi normalardan ko’rinib turibdiki yozishma (so’zlashuv)lar sirini oshkor qilish taqiqlangan.

Xo’sh deylik, kimdir ushbu sirni oshkor qildi? Bu uchun qanday javobgarlik mavjud.

Ma’muriy javobgarlik to’g’risidagi kodeksning 46-moddasida tibbiy yoki tijorat sirlarini, yozishma va boshqa xabarlar, notarial harakatlar, bank operatsiyalari va jamg’armalar sirlarini, xuddi shuningdek fuqaroga, uning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlariga ma’naviy yoxud moddiy zarar yetkazishi mumkin bo’lgan boshqa ma’lumotlarni oshkor etganlik uchun javobgarlik belgilangan.

Xuddi shunday, Jinoyat kodeksining 143-moddasida ham xat-yozishmalar, telefonda so’zlashuv, telegraf xabarlari yoki boshqa xabarlarning sir saqlanishi tartibini buzganlik uchun jinoiy javobgarlik belgilangan.

Ushbu masalaning eng e’tibor berish kerak bo’lgan jihati shundan iboratki, ushbu sir saqlash majburiyatlari va unga amal qilmaganlik uchun to’g’ridan-to’g’ri belgilangan javobgarlik kimga tegishli: muloqot, yozishma yoki xat yo’llangan insongami (ikkinchi ishtirokchi) yoki begona bo’lgan uchinchi shaxslargami, ya’ni ushbu yozishmalarning ishtirokchisi bo’lmagan tomongami?

Ushbu yuqoridagi normalarning tahlili javobgarlikning faqatgina uchinchi shaxslar, ya’ni yozishmalar ishtirokchisi bo’lmagan shaxslar uchun belgilanganini ko’rsatadi.

Ya’ni, yozishma, muloqot ishtirokchisi bo’lgan shaxsda yozishma (so’zlashuv)ni sir saqlash bo’yicha qonunda to’g’ridan-to’g’ri majburiyat mavjud emas. Chunki uning o’zi ushbu sirning ishtirokchisi.

Shu sababli, bir tomonning, ya’ni ikkita ishtirokchidan bittasining roziligi bilan (ikkinchi taraf roziligisiz) oshkor etilgan ma’lumot yozishma yoki telefonda so’zlashuvni oshkor etgan taraf uchun javobgarlikni keltirib chiqarmaydi.

Ta’kidlash joizki, bu juda to’g’ri o’rnatilgan qoida. Aks holda, yozishmalar, audio- yoki videoyozuvlarni,ayniqsa, davlat xizmatchilari, mansabdor shaxslar bilan yozishmalarni bevosita ishtirokchi tomonidan oshkor qilish uchun barcha hollarda boshqa tomonning roziligini olish zarur bo’lgan vaziyatni tasavvur qilish qiyin emas. Bu o’z navbatida fuqarolarning huquq va erkinliklarini ta’minlashga, shaffoflik tamoyilining amalga oshirilishiga salbiy ta’sir ko’rsatgan hamda ommaviy axborot vositalarining samarali faoliyat yuritishiga to’sqinlik qilgan bo’lar edi.

Ammo shunday bo’lsada, qonun ikkinchi ishtirokchining shaxsiy yoki oilaviy sirlari oshkor etilishiga yo’l qo’ymaydi. Buning uchun uning roziligi zarur.

Chunki, MjTK va Jinoyat kodeksining tegishli moddalari shaxsiy yoki oilaviy sirlarni tegishli shaxsning roziligisiz oshkor etganlik uchun javobgarlikni nazarda tutadi. Ya’ni, shaxsiy va oilaviy sir deb qaralishi mumkin bo’lgan ma’lumotni oshkor etishda, ushbu sir tegishli bo’lgan insonning roziligi bo’lishi shart. Aynan qaysi ma’lumot shaxsiy va oilaviy sir deb e’tirof etilishi individual ravishda har bir holatga mos ravishda sud organlari tomonidan malakalanadi.

Shu bilan birgalikda, Fuqarolik kodeksiga ko’ra har qanday shaxs o’zining sha’ni, qadr-qimmati yoki ishchanlik obro’sini sud orqali himoya qilish, bu ma’lumotlarni rad etishi bilan bir qatorda ularni tarqatish oqibatida yetkazilgan zararlar va ma’naviy ziyonning o’rnini qoplashni talab qilishga huquqiga ega. Albatta bunda da’voni qanoatlantirish, shuningdek yetkazilgan zarar va ma’naviy ziyonning hajmi sud tomonidan belgilanadi.

Yuqorida keltirilganlardan kelib chiqib, yozishma (so’zlashuv) sirini oshkor qilganlik uchun javobgarlik sirning xususiyatiga va oqibatiga bevosita bog’liq ekanligi ayon bo’ladi. Yozishma (so’zlashuv) ishtirokchisi bo’lgan shaxsning qilmishini yozishma sirini buzganlik uchun sanksiya belgilangan tegishli moddalar bilan javobgarlikka tortishning imkoni bo’lmasada, undan yozishmalar sirining oshkor etilishi natijasida kelib chiqqan zararlar va ma’naviy ziyonning o’rnini sud tartibida qoplatish mumkin. Bu holatda, da’vogar javobgarga nisbatan yuborgan yozishmalarining sir saqlanishi bo’yicha oldindan kelishuvlari va tomonlarning bir-biri oldidagi majburiyatlari ham e’tiborga olinishi tabiiy.

Ikkinchidan, ayrim holatlarda fuqarolarning o’zaro yozishmalari va telefon so’zlashuvlarini ularning roziligidan qat’i nazar oshkor etilishiga yo’l qo’yiladi.

Masalan, Jinoyat-protsessual kodeksining 169-moddasiga asosan ish bo’yicha to’plangan dalillar ish uchun ahamiyatga molik xabarlarni olish mumkinligiga yetarli darajada asos bo’la olsa, surishtiruvchi, tergovchi telefon va boshqa so’zlashuv qurilmalari orqali so’zlashuvlarni eshitib turish to’g’risida prokurorning sanksiyasini olib qaror chiqarishga haqlidir. Shuningdek, bu bo’yicha sud ajrimi ham chiqarilishi mumkin.

“Tezkor-qidiruv faoliyati to’g’risida”gi Qonunning 16-moddasini keltirish mumkin. Unga ko’ra, yozishmalar, boshqa so’zlashuvlar, pochta, kuryerlik jo’natmalari, telegraf xabarlari hamda aloqa tarmoqlari orqali uzatiladigan boshqa xabarlar sir saqlanishi huquqlarini, shuningdek uy-joy daxlsizligi huquqini cheklovchi tezkor-qidiruv tadbirlari o’tkazilishiga tegishli sanksiya asosida yo’l qo’yiladi.

Boshqacha aytganda, tezkor-qidiruv faoliyati natijasida ham ma’lumotlar vakolatli shaxslarga oshkor bo’lishi mumkin. Bunda bu dalillarni qonuniy tartibda olish uchun tegishli qoidaga rioya etish zarur. Aks holda, olingan ma’lumotlar tezkor-qidiruv faoliyat to’g’risidagi qonunchilikka zid ravishda oshkor qilingan deb hisoblanadi.

Bu normalar yuqorida ko’rsatilgan mansabdor shaxslar fuqarolarning o’zaro yozishmalaridan, ularning ruxsatidan qat’i nazar, sodir etilgan yoki sodir etilishiga tayyorgarlik ko’rilayotgan jinoyatlarni fosh qilish maqsadida, yetarli asoslar mavjud bo’lganda xabardor bo’lishiga qonunda ruxsat berilganligini anglatadi.

Uchinchidan, xorij tajribasiga nazar solsak, Rossiya Federatsiyasi Jinoyat kodeksining 138-moddasiga ko’ra yozishmalar, telefon so’zlashuvlar, pochta, telegraf yoki boshqa xabarlarning mahfiyligini buzish 80 ming rublgacha jarima yoki mahkumning 6 oygacha bo’lgan ish haqi miqdorida jarima yoki 360 soatgacha majburiy mehnat yoxud 1 yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanadi.

E’tiborli jihati bunda, yozishmalar sirini buzganlik uchun javobgarlik uchinchi shaxslar uchungina qo’llaniladi. Yozishma ishtirokchilari bo’lgan shaxslarga bu talab tadbiq etilmaydi. Buni Rossiya Oliy sudi ham tasdiqlagan.

Yozishmalar, telefon so’zlashuvlar, pochta, telegraf yoki boshqa xabarlarning maxfiyligini buzishga oid javobgarlik Qozog’iston Jinoyat kodeksining 148-moddasida, Tojikiston Jinoyat kodeksining 146-moddasida, Turkmaniston Jinoyat kodeksining 147-moddasida ham belgilangan.

Buyuk Britaniyaning Maxfiylik va elektron aloqa to’g’risidagi qoidalariga ko’ra, foydalanuvchilarning qo’ng’iroqlari, yozishmalari, joylashuv ma’lumotlari sir tutilishi shart.

Ushbu qoidalarni buzganlar aksariyat hollarda jinoiy javobgarlikka tortiladi, shuningdek korxona yoki tashkilotlar rahbarlari esa 500 ming funt sterlinggacha jarimaga tortilishi mumkin.

Germaniya Jinoyat kodeksining 203-qismiga muvofiq shaxsiy sirni buzganlik uchun javobgarlik belgilangan. Kodeksning 32- va 34-qismlariga muvofiq fuqarolar shaxsiy himoyasi uchun telefon so’zlashuvlarini yozib olishlari mumkin.

Kanada Oliy sudi tomonidan kassatsiya tartibida ko’rib chiqilgan Marakax ishi doirasida politsiya tomonidan keltirilgan dalillar (sud sanksiyasini olmasdan sherigining telefoni musodara qilinib, yuborilgan bir necha matnli xabarlar dalil sifatida ishlatilgan) yozishmalar sirini buzgan holda olingan deb topilib, oqlov hukmi chiqarilgan. Bu esa o’z navbatida ushbu davlatda yozishmalar faqatgina tegishli shaxslarning roziligi yoki sud sanksiyasi bilan oshkor etilishi mumkinligini bildiradi.

AQSh Qonunlari kodeksining 18-bo’limi 2511-qismi simli, og’zaki yoki elektron aloqani ushlab qolish va oshkor qilishni taqiqlaydi. Bundan tashqari, yozishmalar yoki so’zlashuvlarni ularni amalga oshirgan shaxslarning birining roziligi bilan oshkor qilish ham mumkin. Bu AQShdagi federal norma.

Yuqoridagilarga ko’ra quyidagi xulosalarni qilish mumkin:

yozishmalar, telefon so’zlashuvlarining sir saqlanishi har bir shaxsning konstitutsion huquqi hisoblanadi;
yozishma (so’zlashuv)larning sir saqlanishini buzganlik uchun ma’muriy yoki jinoiy javobgarlik faqatgina muloqot ishtirokchilari bo’lmagan uchinchi shaxslar uchun kelib chiqadi;
muloqot ishtirokchisi bo’lgan shaxs uchun javobgarlik faqatgina sirning xususiyatidan (oilaviy, shaxsiy sir va h.k.) va oqibatidan kelib chiqishi mumkin;
bir taraf ikkinchi tarafdan sirni oshkor etganligi natijasida kelib chiqqan zarar va ma’naviy ziyonni qoplanishini sud tartibida hal qilish huquqiga ega. Bunda sudlar har bir ish yuzasidan holatga alohida qonuniy baho berishadi.

Manba: «Huquqiy axborot» telegram kanali

 

O'zaro yozishmalarni oshkor qilish mumkinmi?
loading…

Добавить комментарий

Ваш адрес email не будет опубликован. Обязательные поля помечены *