Issiqxona gazlari emissiyasining davom etishi tufayli dengiz sathining ko‘tarilishi butun dunyo bo‘ylab qirg‘oq bo‘yidagi shaharlarni vayron qilishi mumkin. Bu haqda Kanadaning MakGill universiteti olimlari tomonidan e’lon qilingan hisobotda so‘z boradi.
Qayd etilishicha, kelajakda dengiz sathi ko‘tarilishi va buning oqibatida qirg‘oq bo‘yidagi shaharlarni asta-sekin suv bosishi kutilmoqda. Olimlarning xulosalariga ko‘ra, Afrika, Janubi-sharqiy Osiyo, Janubiy va Markaziy Amerikadagi qirg‘oqbo‘yi shaharlarida toshqin xavfi yuqori.
O‘rganilayotgan hududdagi 840 million binodan 136 millioni 2100 yilga borib dengiz sathining 20 metrga ko‘tarilishidan zarar ko‘radi. Bu binolarning ko‘pchiligi aholi zich joylashgan past-baland hududlarda joylashgani sababli portlar, infratuzilma va madaniy meros ob’ektlari ham xavf ostida bo‘lishi mumkin.
Universitet professori Erik Galbraytning aytishicha, iqlim o‘zgarishi va dengiz sathining ko‘tarilishi okean yaqinida yashash yoki yashamaslikdan qat’i nazar, har bir inson hayotiga ta’sir ko‘rsatadi.
Tadqiqot mualliflari bu hisob-kitoblar arxitektura, developerlar va ishlab chiqarish sohalarida faoliyat yurituvchilar uchun muhim manba bo‘lib, ular ushbu natijalardan kelajakda zarar miqdorini kamaytirish maqsadida foydalanishlari mumkinligini aytgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Buyuk Britaniyaning Sautgempton universiteti olimlari Efiopiyaning Afar mintaqasi ostida Yer qa’ridan ritmik tarzda ko‘tarilayotgan eritilgan mantiya oqimlarini aniqlagandi. Yurak urishiga o‘xshagan bu silkinishlar Afrikani asta-sekin yorib, yangi okean shakllanishiga olib kelishi mumkinligi ta’kidlangan.
Mohichehra Qadamova