Nobel mukofoti har yili fan, madaniyat va ijtimoiy hayotga alohida ulkan hissa qo‘shganlarga beriladigan eng nufuzli xalqaro mukofotlardan biridir. Ushbu mukofot shved kimyogari, ixtirochi va tadbirkor Alfred Nobelning vasiyatiga binoan ta’sis etilgan. Nobel insoniyat taraqqiyotiga sezilarli hissa qo‘shganlarni har yili mukofotlash uchun o‘z boyligining katta qismini ajratib qo‘ygan edi. Dastlabki mukofotlar XX asr boshida fizika, kimyo, tibbiyot, adabiyot va tinchlikni targ‘ib qilish kabi sohalarda topshirilgan. 57 yil muqaddam, 1968 yilda esa Shvetsiya banki iqtisodiyot yo‘nalishida ham mukofot berilishini joriy etdi va shu tariqa yo‘nalishlar soni oltitaga yetdi.
Nobel mukofoti uchun qancha pul beriladi?

Oltin medal va diplomdan tashqari Nobel laureatlari pul mukofotini ham olishadi. Bu mablag‘lar filantrop (odamlar, jamiyat yoki insoniyatga yordam berish uchun o‘z mablag‘i, vaqti yoki kuchini bag‘ishlaydigan inson) merosini boshqaruvchi Nobel fondi tomonidan ajratiladi. 2025 yilda mukofot miqdori 11 million shved kronasini tashkil etmoqda, bu taxminan 1,2 million AQSH dollariga teng. An’anaga ko‘ra, mukofotlarning tantanali topshirilishi 10 dekabr kuni, Alfred Nobelning vafot etgan sanasida bo‘lib o‘tadi.
Nobel mukofotiga nomzodlarni kim taqdim etadi?

Mukofot g‘oliblari har yili oktyabr-noyabr oylarida e’lon qilinadi, biroq tanlash jarayoni oldingi yilning kuzida boshlanadi. Nomzodlarni ilgari surishda maxfiylik va mustaqillikni saqlash uchun jarayon bir necha bosqichda bo‘lib o‘tadi. Kuzning boshida har bir yo‘nalish bo‘yicha tuzilgan oltita Nobel qo‘mitalari tomonidan laureatlar, mukofot beruvchi institutlar a’zolari, fizika, kimyo, iqtisodiyot va tibbiyot olimlari, shuningdek, turli universitetlar va ilmiy akademiyalar a’zolari 31 yanvargacha nomzodlar tavsiya etishga chaqiriladi. Har bir mukofot bo‘yicha taxminan ming kishi nomzodlikka taklif qilinadi va odatda 100 dan 250 nafargacha nomzod tasdiqlanadi.
1 fevral kuni qo‘mitalar o‘z ishini boshlaydi. Nomzodlar ro‘yxati oshkor qilinmaydi, qo‘mita a’zolariga esa qarorlarni 50 yil davomida muhokama qilish taqiqlanadi. Kishi o‘zini-o‘zi nomzod qilib ko‘rsata olmaydi, biroq boshqalar uni bir necha bor ilgari surishlari mumkin. Yakuniy muddatdan so‘ng qo‘mitalar yuzlab arizalarni o‘rganib chiqadi, mutaxassislar bilan maslahatlashadi. Jarayon oktyabr oyidagi ovoz berish bilan yakunlanadi va tavsiyalar Shvetsiya Qirollik Fanlar akademiyasi hamda boshqa mukofot beruvchi tashkilotlarga taqdim etiladi. Yakuniy qaror 15 noyabrgacha qabul qilinishi kerak.
Shu bilan birga, Tinchlik mukofoti ko‘pincha o‘tgan yildagi tinchlikparvar sa’y-harakatlarni e’tirof etadi va dolzarb global voqealarga javob beradi.
Mukofotni topshirish marosimi qanday o‘tkaziladi?

Nobel mukofoti har yili 10 dekabr kuni Shvetsiya poytaxti Stokgolm va Norvegiya poytaxti Osloda topshiriladi. Stokgolmdagi marosimda Shvetsiya qirollik oilasi ishtirok etadi va fizika, kimyo, tibbiyot, iqtisodiyot va adabiyot yo‘nalishlari bo‘yicha g‘oliblarni shaxsan qirolning o‘zi medal va diplomlar bilan taqdirlaydi. Tinchlik bo‘yicha mukofot esa Osloda, Norvegiya qirollik oilasi ishtirokida Nobel qo‘mitasi raisi tomonidan topshiriladi. Bu Nobelning shaxsiy irodasiga muvofiq amalga oshiriladi, chunki u aynan Tinchlik mukofoti marosimi Norvegiyada o‘tkazilishini xohlagan.
G‘oliblar sahnaga birma-bir chaqiriladi va medal, diplom hamda pul mukofotini qabul qilib oladi. Tadbir butun dunyo bo‘ylab efirga uzatiladi, so‘ngra Stokgolm shahar hokimligida diplomat va ilm-fan arboblaridan iborat mingdan ortiq mehmon ishtirokida hashamatli ziyofat bo‘lib o‘tadi.
2025 yilgi mukofotlar qachon e’lon qilinadi?
2025 yilgi Nobel haftaligi 6 oktyabrdan 13 oktyabrgacha davom etadi va laureatlar quyidagi tartibda e’lon qilinadi:
6 oktyabr – Fiziologiya yoki tibbiyot yo‘nalishi;
7 oktyabr – Fizika yo‘nalishi;
8 oktyabr – Kimyo yo‘nalishi;
9 oktyabr – Adabiyot yo‘nalishi;
10 oktyabr – Tinchlik yo‘nalishi;
13 oktyabr – Iqtisodiyot yo‘nalishi;
Tramp va uning Nobel uchun kampaniyasi

AQSHning 47-prezidenti Donald Tramp 2025 yil, ikkinchi bor iqtidorga kelganidan buyon Tinchlik yo‘nalishi bo‘yicha Nobel mukofotiga da’vogarlik qilib keladi. U saylovoldi tashviqotlarida ko‘p bora “dunyoni tinchitish”ni iddao qilib, sodir bo‘layotgan Rossiya-Ukraina va Isroil-HAMAS urushlarini to‘xtatishni va’da qilgan edi. Hattoki, prezidentlikka kirishganidan so‘ng 24 soat ichida Rossiya-Ukraina urushini bartaraf etishini aytgandi. Ammo Trampning saylovlarda yutib chiqqaniga 11 oy, inauguratsiyasiga esa 9 oy vaqt o‘tmoqda hamki, har ikki urush ham tugamadi. Biroq bir necha marotaba urinishlardan so‘ng, uning vositachiligida Isroil va HAMAS o‘rtasida G‘azo sektorida o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishuv imzolanishiga erishilganini ta’kidlash lozim. Shuningdek, mazkur kelishuvda Qatar, Misr va Turkiya davlatlari ishtirokini ham unutmaslik kerak.
Donald Tramp shu yil sodir bo‘lgan Hindiston-Pokiston, Kambodja-Tailand va Armaniston-Ozarbayjon o‘rtasidagi mojarolarni ham o‘zi to‘xtatganini iddao qiladi. Shuningdek, u deyarli 8 ta urushni tugatganini aytib, minnatdorlikka loyiq ekanini ta’kidlaydi:
“Biz yettita urushni hal qildik. Sakkizinchisini ham deyarli hal qilishga yaqinmiz. O‘ylaymanki, oxir-oqibat Rossiya bilan bog‘liq vaziyatni ham hal qilamiz”.
O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ham 23 sentyabrda BMT qarorgohida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda Donald Trampning tinchlik bo‘yicha Nobel mukofotiga munosib ekanini aytgandi.
Shaxsan Trampning o‘zi mukofotni olish uchun kampaniya boshlab yuborgan. Uning atrofidagilar ham shu masalani ko‘tarmoqda. Trampning Yaqin Sharq bo‘yicha maxsus vakili Stiv Uitkoff avgust oyida Vashingtondagi yig‘ilishda Nobel qo‘mitasini “ishga kirishishga” va mukofotni Trampga berishga chaqirgan. Davlat kotibi Marko Rubio ham bu tashabbusni qo‘llab-quvvatlagan.
“Bloomberg” nashrining yozishicha, kampaniyaga hatto biznes doiralari ham qo‘shilgan. Pfizer kompaniyasi rahbari Albert Burla Trampni “Sonic Speed Operation” – COVID-19 vaksinasi ishlab chiqilishini tezlashtirish loyihasi uchun maqtagan va bu Nobel mukofotiga loyiq harakat bo‘lganini ta’kidlagan.
Nobel qo‘mitasi esa bevosita siyosiy bosim sezmaganini, lekin “ochiq va yopiq” tarzdagi bir nechta kampaniyalarga e’tibor berganini bildirgan.
Qayd etish joiz, 2025 yilgi Nobel tinchlik mukofotiga 338 nomzod (shundan 94 tasi tashkilot) da’vogarlik qilmoqda. Nomzodlar orasida Yuliya Navalnaya ham bor va u bukmekerlar orasida favoritlardan biri hisoblanadi.
Mukofot laureati esa 10 oktyabr kuni e’lon qilinadi. Bu Donald Trampmi yoki umuman boshqa shaxs – ertaga aniq bo‘ladi.