Xalqaro olimlar guruhi yangi texnologiya yaratib, uni ilk bor amalda qo‘llashga muvaffaq bo‘ldi. Ushbu usul yordamida yerdagi teleskoplar orqali yulduz diskining eng tiniq tasviri olingan. Bu haqdagi tadqiqot natijalari “The Astrophysical Journal Letters” jurnalida e’lon qilingan.
Qayd etilishicha, kashfiyotga erishishda asosiy rol o‘ynagan qurilma foton fonari bo‘lib, u yulduz nurlarini to‘lqin fronti shakliga qarab alohida kanallarga ajratadi. Shu tariqa, odatda an’anaviy suratga olishda yo‘qolib ketadigan eng mayda tafsilotlarni saqlab qolish imkoniyati yaratilgan. Olingan ma’lumotlar birlashtirilgach, olimlar yaqin joylashgan yulduz atrofidagi disk tasvirini misli ko‘rilmagan aniqlikda qayta tiklashga muvaffaq bo‘lgan.
Odatda bunday yuqori aniqlikdagi tasvirlarga erishish uchun bir nechta teleskopdan olingan ma’lumotlar birlashtiriladi. Biroq bu safar olimlar barchasini bitta teleskop orqali amalga oshirgan. Gavayidagi 8 metrli Subaru teleskopiga Parij observatoriyasi va Gavayi universiteti tomonidan yaratilgan FIRST-PL nomli yangi qurilma o‘rnatilgan.
Foton fonari Sidney universiteti va Markaziy Florida universiteti mutaxassislari tomonidan ishlab chiqilgan bo‘lib, u yulduz nurlarini ko‘p sonli kanallarga ajratadi. Bu jarayon akkordning alohida notalarga bo‘linishiga va keyin yorug‘likning ranglarga ajralishiga o‘xshatiladi. Shu orqali an’anaviy kameralar qayd etolmaydigan eng mayda yorug‘lik tebranishlarini o‘rganish imkoni tug‘ilgan.
Tadqiqot hammuallifi Yu Chjon Kimning so‘zlariga ko‘ra, yangi usul avvalgi ko‘rsatkichlardan besh baravar yuqori aniqlikdagi tasvir olishga yordam bergan. Bunga optik tolaga kirayotgan yorug‘lik to‘lqinlari shaklini aniq tahlil qilish orqali erishilgan.
Olimlar taxminan 162 yorug‘lik yili masofada joylashgan “Beta Canis Minoris” yulduzini kuzatgan. Uning atrofida vodoroddan tashkil topgan, protosayyor tuzilmalariga o‘xshash disk mavjud. Yangi texnologiya yordamida bu disk birinchi bor nosimmetrik ekani, uning bir tomoni boshqasiga qaraganda yorug‘roq va zichroq ekani aniqlangan.
Fizika va astronomiya professori Maykl Fitsjeraldning qayd etishicha, foton fonari kuzatuv astronomiyasida yangi bosqichni boshlab bergan. Olimlarga hatto yorug‘likning tabiiy chegarasi hisoblangan difraksion limitdan ham yuqori aniqlikka erishish nasib etgan.
Tadqiqotchilarning fikricha, ushbu usul yordamida sayyora disklari, ekzoplanetalar hamda faol galaktika yadrolarini mislsiz darajada batafsil o‘rganish, shu kungacha kashf etilmagan kosmik xususiyatlarni ochishga imkon tug‘iladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Avstraliyada fanga noma’lum asteroid izlari topilgandi. Bu kashfiyot kosmik jism zarbasidan hosil bo‘ladigan tabiiy shisha – tektitlarning muzey namunalarini tahlil qilish orqali amalga oshirilgani haqida ma’lum qilingan.
Mohichehra Qadamova