Xalqaro astronomlar jamoasi Atakama yirik millimetr/submillimetr massivi (ALMA) yordamida “Cloverleaf” nomi bilan tanilgan mashhur kvazarning (ko‘rinadigan olamdagi eng yorqinlari qatoriga kiradigan astronomik ob’ektlar sinfi) kuzatuvlarini amalga oshirdi. Kuzatuvlar davomida ular kutilmaganda yangi, ultra yorug‘likka ega infraqizil galaktikani kashf qildi. Bu haqda “Monthly Notices of Royal Astronomical Society” jurnali xabar berdi.
Qayd etilishicha, infraqizil yorqinligi Quyoshnikidan bir trillion martadan ortiq, yulduz hosil bo‘lish tezligi esa yiliga 100 dan 1 000 tagacha Quyosh massasiga teng bo‘lgan ultra-yorqin infraqizil galaktikalar (ULIRGlar) – bu yaqin koinotdagi eng faol yulduz hosil qiluvchi galaktikalardir. Shu sababli, ushbu turdagi yangi galaktikalarni topish yulduzlarning shakllanishi va evolyutsiyasini yanada chuqurroq tushunish uchun muhim ahamiyatga ega bo‘lishi mumkin.
H1413+117, ya’ni “Cloverleaf” deb ataladigan ob’ekt to‘rt marta gravitatsion linzalanishga uchragan kvazar bo‘lib, taxminan 2,56 qizil siljishga ega. Yaqinda Natsuki Hayatsu boshchiligidagi astronomlar guruhi ALMA yordamida “Cloverleaf”ni o‘rgangan. Kutilmaganda bu kuzatuvlar kvazar ortida yashiringan ULIRG mavjudligini aniqlagan.
Tadqiqotchilarning ta’kidlashicha, chang bilan qoplangan va optik diapazonda ko‘rinmaydigan, submillimetr to‘lqinlarda aniqlanadigan galaktikalar erta koinotdagi yulduzlar hosil bo‘lishiga sezilarli darajada ta’sir ko‘rsatadi. Ammo bunday ob’ektlarni odatdagi optik yoki ultrabinafsha kuzatuvlar yordamida aniqlash juda mushkul. Ular z = 2,56 qizil siljishga ega H1413+117 kvazari (“Cloverleaf”) ortida joylashgan shunday turdagi optik jihatdan ko‘rinmas galaktika kutilmagan tarzda topilgan. Yangi ULIRG “Cloverleaf” kvazaridan taxminan 6 yoysoniya uzoqlikda, qizil siljishi taxminan 3,39 bo‘lgan hududda aniqlangan. Galaktikaning molekulyar massasi 40 dan 230 milliardgacha Quyosh massasi atrofida baholangan. Uning qora tuynugi massasi esa taxminan 0,1 milliard Quyosh massasiga teng deb hisoblanmoqda.
ULIRG galaktikasining rentgen yorqinligi taxminan 400 tredetsillion erg/soniya, infraqizil yorqinligi esa 2,8 trillion Quyosh yorqinligi darajasida aniqlangan. U optik diapazonda ko‘rinmaydi va kuchli chang bilan to‘silgan.
Tadqiqotga ko‘ra, galaktikadagi molekulyar gaz hali dinamik barqaror holatga kelmagan bo‘lib, bu ehtimol gazga boy yirik galaktikalar to‘qnashuvining dastlabki bosqichida ekanini ko‘rsatadi. Shu sababli, astronomlar bu tizim boy molekulyar zaxirasi tufayli yulduz portlashi (starburst) faoliyatini davom ettiradi deb taxmin qilmoqda.
Olimlar ushbu ULIRG issiq chang bilan to‘silgan galaktikalar (DOG) bosqichining boshlang‘ich holatida bo‘lishi va keyinchalik faol galaktika yadrosi (AGN), undan esa ellipssimon galaktikaga evolyutsiyalanishi mumkinligini ta’kidlagan. Biroq galaktikaning evolyutsion bosqichini aniq belgilash uchun, ayniqsa, uning zich molekulyar gaz holatini chuqur o‘rganishga qaratilgan qo‘shimcha kuzatuvlar talab etiladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Niderlandiyada joylashgan Amsterdam universiteti olimlari TOI-2431 b nomli yangi sayyorani aniqlagan edi. Sayyora NASA’ning TESS teleskopi yordamida aniqlangan.
Mohichehra Qadamova