Qo’riqxona ma’muriyatining xabar berishicha, qo’riqlash xodimi bosh mutaxassisi Abdulaziz Xudoyqulov va qo’riqlash xodimi Hasan Rahmonov tomonidan o’rnatilgan yashirin fotoqopqonlarga yana bir bosh qor qoploni videotasvirga muhrlangan.

Qayd etilishicha, qor qoploni – Xalqaro tabiatni muhofaza qilish ittifoqi va O’zbekiston «Qizil kitob»iga kiritilgan dunyo miqyosidagi noyob tur hisoblanadi.

Shuningdek, u SITES – yo’q bo’lib ketish xavfi ostidagi yovvoyi fauna va flora turlari bilan xalqaro savdo qilish to’g’risidagi Konvensiya ro’yxatiga kiritilgan. Qor qoplonini ovlash qat’iyan taqiqlangan.

Qor qoploni O’zbekistondan tashqari Xitoy, Nepal, Qirg’iziston, Mongoliya, Tojikiston, Pokiston, Rossiya, Qozog’iston, Hindiston, Afg’oniston va Butan kabi davlatlar hududida uchraydi.

Mushuksimonlar oilasiga mansub bu noyob jonivorni mamlakatimizda muhofaza qilishga alohida e’tibor qaratib kelinmoqda. Jumladan, «Hisor» davlat qo’riqxonasida qor qoplonining erkin yashash tarzi va ko’payishi uchun doimiy muhofaza choralari amalga oshirib kelinadi.

«Hisor» davlat qo’riqxonasiga o’rnatilgan fotoqopqonlar fevral va mart oylarida ham uch marta qor qoplonini tasvirga olgandi.