image0

Joriy yilning 23 oktyabr kuni fransuz rassomi Iv Klyaynning faqat ko‘k rangdan iborat monoxrom kartinasi Parijdagi Christie’s auksionida 18,4 million yevroga sotildi. Bu BFMTV xabar berdi.

“Kaliforniya” (IKB 71) deb nomlangan va taxminan to‘rtga ikki metr o‘lchamdagi bu asar rassomning xususiy kolleksiyalardagi eng yirik monoxrom ishlanmasi hisoblanadi”, deydi auksion uyi vakillari.

“Kaliforniya” kartinasi 1961 yil boshlarida – Klyaynning AQSHga qilgan birinchi va yagona safari, shuningdek, Nyu-York hamda Los-Anjelesdagi debyut ko‘rgazmalari arafasida yaratilgan.

Rassom o‘zi ishlab chiqqan maxsus ultramarin tusini “International Klein Blue”, ya’ni “Xalqaro Klyayn ko‘k” nomi bilan patentlagan. Klyaynning so‘zlariga ko‘ra, uning har bir monoxrom asari o‘ziga xos “muhit va mohiyatga” ega. Iv Klyayn 1962 yilda 34 yoshida vafot etgan.

Christie’s ma’lumotiga ko‘ra, kartina yuzasiga sepilgan mayda shag‘allar uning fakturasiga dengiz tubi yoki okean tubining ko‘k chuqurliklarini eslatuvchi tuyg‘u beradi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Pablo Pikassoning ilhom manbai va sevgilisi bo‘lgan Dora Maarning portreti Parijda o‘tkazilgan auksionda 37 million dollarga sotilgani haqida xabar berilgandi. Gul naqshli shlyapa kiygan ayol byusti (Dora Maar)” nomli asar savdoga 9-11,6 million dollar atrofidagi dastlabki baho bilan qo‘yilgan.