image0

Germaniyaning Dortmund shahridagi “Rombergpark” botanika bog‘idan chirigan go‘sht hidini eslatuvchi o‘ta badbo‘y hidga ega noyob o‘simlik – titan amorfofallusining (Amorphophallus titanum) tugun ildizi o‘g‘irlab ketildi. Bu haqda kecha, 13 oktyabr kuni “Spiegel” xabar berdi.
 
Nashrning yozishicha, jinoyatchilar bog‘ xodimlari “Dovud” deb nom bergan, og‘irligi 20 dan 30 kilogrammgacha bo‘lgan tugunni gultuvakdan olib ketgan. Shahar ma’muriyati holat bo‘yicha politsiyaga murojaat qilgan.

“Dovud”ning o‘g‘irlanishi biz uchun og‘ir zarba bo‘ldi. Dortmund aholisi uning keyingi gullashini intiqlik bilan kutayotgan edi. Umid qilamizki, o‘g‘rilar bu qaroridan pushaymon bo‘lib, o‘simlikni qaytaradi”, deydi bog‘ xodimlaridan biri.

U, shuningdek, bu o‘g‘irlik butun shahar uchun katta zarar ekanini bildirgan. Dortmund hokimiyati ma’lumotlariga ko‘ra, 2018 va 2021 yillarda o‘simlik gullagan paytda botanika bog‘iga minglab odamlar tashrif buyurgan.

Ma’lumot uchun, Amorphophallus titanum – noyob o‘simlik bo‘lib, u juda kam va qisqa muddat gullashi bilan ajralib turadi. Bu jarayon bir necha yilda bir marta sodir bo‘ladi va atigi bir necha kun davom etadi. Shu bilan birga, u dunyodagi eng katta gul to‘plamiga ega hamda chiriyotgan go‘sht hidiga o‘xshash o‘ta kuchli hid taratadi. Bu o‘ziga xos hid hasharotlarni – tabiiy muhitda o‘lik tanalarda tuxum qo‘yuvchi changlatuvchilarni o‘ziga jalb qilish uchun xizmat qiladi.