image0

Insoniyat 2050 yilga borib yiliga 3,5 milliard tonna maishiy chiqindi ishlab chiqaradi. Hozircha bu hajmning 20 foizdan kamrog‘i qayta ishlanmoqda va dunyo ushbu muammoni turlicha usullar bilan hal etishga harakat qilmoqda. Bu haqda Jahon Banki xabar berdi.

Qayd etilishicha, Buyuk Britaniyada har kuni 1 milliondan ortiq bir martalik elektron sigareta (veyp) tashlab yuboriladi. Ushbu qurilmalar tarkibida litiy va LED chiroqlar kabi xavfli komponentlar mavjud bo‘lib, noto‘g‘ri yo‘q qilish oqibatida yong‘in xavfi paydo bo‘ladi. Shu sababli hukumat sotuvchilardan utilizatsiya uchun to‘lov undirishni joriy etgan. Qoidabuzarlarga 5 ming funtgacha jarima belgilangan. To‘plangan mablag‘lar ekologik loyihalarga yo‘naltiriladi. Ma’lumotlarga ko‘ra, har sakkizinchi britaniyalik veyp ishlatadi, o‘tgan yili mamlakatda bu mahsulotlarga 2 milliard funt sarflangan.

Hindiston poytaxti Nyu-Dehlida, mamlakatdagi birinchi elektron chiqindilarni qayta ishlash ekoparki qurilmoqda. NDTV xabariga ko‘ra, markazda ichki tozalash rezervuarlari bo‘lib, ular suvni tozalab, qayta ishlatadi. Bu esa shahar oqava suvlari va tuproqning ifloslanishining oldini oladi. Zavod yiliga 50 ming tonnagacha texnikani qayta ishlay oladi, besh yil ichida esa bu ko‘rsatkich poytaxtdagi barcha elektron chiqindilarning 25 foizigacha yetadi. Hozirgi kunda Hindiston “e-waste” ishlab chiqarish bo‘yicha dunyoda uchinchi o‘rinda turadi. Har yili mamlakat poligonlariga 1,5 million tonna elektronika tashlanadi.

Xitoyda 25 million kishi Trade-In dasturi orqali eski texnikasini yangisiga almashtirdi. Ular eski avtomobil, planshet yoki aqlli soatni katta chegirma bilan yangisiga almashtirishlari mumkin va bundan tejaladigan summa 70 dan 2000 dollargacha bo‘ladi. Xitoy Savdo vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, dastur yil boshidan beri chakana savdo tarmog‘iga 153 milliard dollar daromad keltirgan. Tashabbusning maqsadi atmosferaga chiqindilarni kamaytirish va energiya sarfini qisqartirish, chunki eski texnika zamonaviy modellarga nisbatan ikki baravar ko‘p elektr energiyasi sarflaydi.

Yaponiyaning Kamikatsu shahrida esa “Zero Waste” nomli noyob chiqindilarni qayta ishlash markazi faoliyat yuritadi. U yerda 45 turdagi chiqindilar plastik, shisha, elektronika va kiyim-kechak alohida saralanadi. Loyiha natijasida 9 yil ichida shaharda qayta ishlash darajasi 80 foizga yetgan, bu esa mamlakat o‘rtacha ko‘rsatkichidan to‘rt baravar yuqori degani. Markazda qayta ishlangan materiallardan tayyorlangan buyumlar sotiladigan do‘kon ham bor. Uning yillik daromadi 20 ming dollar atrofida. Aholi uchun chiqindilarni to‘g‘ri ajratish bo‘yicha o‘quv mashg‘ulotlari o‘tkaziladi. Loyihani BMT 2018 yilda “Kelajak shahri” deb e’tirof etgan. 

Eslatib o‘tamiz, avvalroq dunyoda qariyb 733 million kishi ochlikdan aziyat chekayotgani haqida xabar berilgandi. Ma’lumotlarga ko‘ra, har kuni bir milliarddan ortiq porsiya yaroqli oziq-ovqat tashlab yuborilmoqda. Bu miqdordagi ovqat esa ochlikdan aziyat chekayotgan barcha odamlarni kuniga kamida bir marta to‘yintirishga yetadi.

Mohichehra Qadamova