Rossiyadagi eng yirik xususiy banklardan biri hisoblanuvchi «Alfa-bank» reper Morgenshternni yoshlar bilan ishlash bo’yicha direktor lavozimiga tayinlandi. Mazkur lavozim qo’shiqchi uchun maxsus yaratilgan, deb xabar beradi Esquire.

«Alisher jiddiy ishlash niyatida va uning uchun qizarmasligimizni va’da berdi. Morgenshtern barcha qatori ofisga keladi, yig’ilishlarda qatnashadi va natijalar bo’yicha hisobot beradi», — deydi «Alfa-bank»ning marketing va kommunikatsiyalar bo’yicha direktori Aleksey Giyazov. Reper kamida 100 ming nafar yangi mijozni jalb etishi kerak bo’ladi.

Bank vakillarining ma’lum qilishicha, ular Morgenshternni «axloq tuzatish ishlariga» jo’natishga qaror qilgan. «10 million tugadi, Federal antimonopoliya xizmatining (FAX) jarimasini esa to’lash kerak», — deyiladi postda. «Alfa-bank»dagilar shuningdek, reperning shtatda bo’lishi «bankning real xodimi imijiga zid bo’lmasligiga» umid qilib, «yangi direktorning ko’ylagidagi qirqimning kattaligini kuzatish»ga va’da bergan.

Avvalroq FAX bankning Morgenshtern suratga tushgan «10 millionlik klip» reklama roligiga nisbatan ish ochgandi. Xizmatga videoda alkogol iste’mol qilingani, bank xodimlarining nomaqbul hayot tarzi namoyish etilgani, shuningdek, «ayollar uchun kamsituvchi» bo’lgan harakatlar amalga oshirilgani yoqmagan.

Shundan so’ng «Alfa-bank» Morgenshternning klipi — bu «tom ma’nodagi reklama emas», balki «blogerning qarashlari» ekanligini aytgan. Rolik 20 million marotabadan ortiq tomosha qilingan va 25 mingga yaqin mijozni jalb etishga yordam bergan. 19 martga qadar «Alfa-bank» va Morgenshtern «shikoyatlar bo’yicha» FAXga yozma tushuntirish xatini berishlari kerak. Xizmat esa ishni 25 mart kuni ko’rib chiqadi.

Eslatib o’tamiz, rossiyalik taniqli reper va bastakor Alisher Valiyev (taxallusi Morgenshtern) 2020 yilning oktyabrida Instagram’da Mercedes-Benz E200 mashinasi uchun tanlov o’tkazgan va unda Buxoroda yashovchi @aza_1002 akkaunti egasi Azim Abdullayev g’alaba qozongan edi.

Morgenshtern o’shanda g’olib bilan bog’langan va avtomobilni shaxsan o’zi O’zbekistonga olib kelishini ma’lum qilgan. Keyinroq musiqachi O’zbekistonda xorijda ishlab chiqarilgan mashina uchun belgilangan bojxona to’lovlari miqdoridan xabar topgach, o’z stories’ida videoxabar qoldirgan. Reper dekabr o’rtalarida Azim Abdullayevga Mercedes avtomobilini tantanali tarzda topshirish uchun Buxoroga kelgandi.

esquire.ru