image0

Bugun, 21 oktyabr kuni odamlar koinotdagi eng noyob kosmik hodisalardan biriga guvoh bo‘ladi. C/2025 A6 (Lemmon) nomli yashil kometa Yerga eng yaqin masofadan o‘tadi va bu hodisa ming yildan ortiq vaqt davomida qayta takrorlanmasligi mumkin. Bu haqda “National Geographic” xabar berdi.

Astronomlarning bildirishicha, Lemmon kometasi ichki quyosh tizimi hududiga kirib kelganidan buyon asta-sekin ravshanlashib, ko‘zga yaqqol seziladigan darajada yorqinlashgan.

Stroud ismli mutaxassisning aytishicha, Lemmon kometasi bu yil Yer osmonida kuzatish uchun eng yorqin kometalardan biri hisoblanadi. Kometaning yashil tusga kirishi uning tarkibida mavjud ikki atomli uglerod (C₂) Quyosh nurlariga duch kelganda parchalanganligi bilan izohlanadi. 

Quyosh botgandan so‘ng, Toshkent vaqti bilan taxminan soat 19:00 dan 20:30 gacha O‘zbekiston osmonidan ham kometani kuzatish mumkin bo‘ladi. Bu kometa 100 foiz aniq ko‘rinadi degani emas. Uni izlash uchun aynan shu vaqt oralig‘ida osmonning g‘arbiy qismini tanlash tavsiya etiladi. Shuningdek, shahardagi yorug‘lik manbalaridan imkon qadar uzoqroqda bo‘lish kerak bo‘ladi. Mutaxassislar kometaning Yerga hech qanday xavf tug‘dirmasligini ta’kidlamoqda.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 7 oktyabr kuni Oy Yerga eng yaqin nuqtada – 360 ming kilometrdan kamroq masofada yaqinlashishi haqida xabar berilgandi. Bu hodisa superoy deb nomlanadi.

Mohichehra Qadamova