Eronda 710 ming yil davomida so‘ngan deb hisoblangan Taftan vulqoni faollashdi. Bu haqdagi tadqiqot joriy yilning 7 oktyabr kuni “Advancing Earth and space sciences” jurnalida e’lon qilindi.
Olimlar 710 ming yil davomida so‘ngan deb taxmin qilingan Eron janubi-sharqidagi Taftan vulqonida faollik belgilarini qayd etdi. Tadqiqot shuni ko‘rsatganki, vulqon cho‘qqisi 2023 yildan 2024 yilgacha atigi 10 oy ichida 3,5 dyuymga ko‘tarilgan.
Ma’lumotlarga qaraganda, vulqonning faollashishi cho‘qqi ostida issiq suyuqlik va gazlarning to‘planishi yoki magmaning yer yuzasiga chuqur kirib borishi bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin. 2024 yilda mahalliy aholi tutun va kul chiqindilarini ham kuzatgan, bu esa vulqon faolligining yangilanganidan dalolat beradi.
Tadqiqotning yetakchi muallifi, vulqonolog Pablo Gonsales Taftanni so‘ngan emas, balki harakatsiz vulqon, deb hisoblash kerakligini ta’kidlagan. Uning so‘zlariga ko‘ra, yerosti bosimi kuchayishda davom etmoqda va kelajakda kuchsizdan sezilarligacha bo‘lgan energiya chiqishiga olib kelishi mumkin.
Olimlarning fikricha, vulqonning teshiklari kuniga taxminan 20 tonna oltingugurt dioksidi, suv bug‘i, vodorod sulfidi va ftorid vodorodini chiqaradi. Taxminan 4000 metr balandlikdagi vulqon Pokiston bilan chegaradosh Siston va Balujiston viloyatida joylashgan. Eng yaqin yirik shahar Zahedan taxminan 160 kilometr uzoqlikda joylashgan.
Gonsalesning so‘zlariga ko‘ra, xavotirli raqamlarga qaramay, hozircha hech qanday portlash alomatlari yo‘q, balki Eron rasmiylari Taftanni kuzatishga ko‘proq e’tibor qaratishi zarur.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Indoneziyada yuqori darajadagi xavfli vulqon otilgan edi. Ushbu hodisa orolga borayotgan va undan qaytayotgan o‘nlab reyslarning bekor qilinishiga sabab bo‘lgandi.
Mohichehra Qadamova