O’ylab ko’rdingizmi? 2019 yil 10 fevral kuni yulduzlar sizga nimalarni va’da qilarkin?

 

 

QO’Y (21. 03 — 20. 04)

Kuningiz rostakamiga omadli kechishi kutilmoqda. Muhabbatda, moliyaviy va salomatlik masalasida muvaffaqiyatlar faqat sizniki bo’ladi. Barcha ko’ngilsizliklar sizni albatta chetlab o’tadi. Yoshi ulug’, xasta qarindoshlar holidan xabar oling. Agar ular olisda yashashsa, qo’ng’iroq qilib ko’ngillarini ko’tarishingiz tavsiya etiladi. Kechqurun ommaviy tadbirlar va ko’ngil izhorlari muvaffaqiyatli kechadi. Uxlashga yotishdan oldin basseynda cho’milsangiz, nur ustiga a’lo nur bo’lardi.

 

BUZOQ (21. 04 — 21. 05)

 

10 fevralda yaqin qarindoshlaringiz bilan munosabatlar yanada iliqlashishi kuzatiladi. Imkon bo’lsa, ular bilan birgalikda oilaviy bayram uyushtiring. Yoki tabiat qo’ynida birgalikda dam olib qayting. Emotsiya sizga garmoniya hadya etadi. Ayrim do’stlarimiz kunning ikkinchi yarmida yangi tanishuvlarni boshdan kechirishlari mumkin. Kechqurun salomatlikni mustahkamlash haqida chuqurroq o’ylab ko’ring.

 

EGIZAKLAR (22. 05 — 21. 06)

 

Hurmatli ayollarimiz, qizlarimiz ertalabdanoq kiyimlariga nazar tashlashlari, go’zallik saloniga borib kelishlari va yoqimli xaridlar qilishlari uchun qulay imkoniyatlar tug’iladi. Bu shaxsiy hayotingizga ijobiy ta’sir o’tkazadi. Kechki payt sizdan qarz olganlar qarzini qaytarishi va shuning natijasida moddiy ahvolingiz yanada mustahkamlanishi kutiladi. Ba’zilar kechqurun favqulodda xizmat safariga jo’nab ketishi mumkin.

 

QISQIChBAQA (22. 06 — 23. 07)

 

10 fevral kuni yoshlarning kuyinchak hamda mehribon ustoziga aylanasiz. Boy tajribangizni ularga singdirishingiz koni savobdan bo’lak narsa emas. Kun davomida meros yoki katta pul olish uchun xizmat qiluvchi muhim hujjatlarni imzolashingiz kutilmoqda. Rashki yomon do’stlarimiz bugun kunning ikkinchi yarmida yana jufti yoki bo’lg’usi jufti bilan shu nuqson tufayli janjallashib qolishlari ehtimolga yaqin. Asabni asrang.

 

ARSLON (24. 07 — 23. 08)

 

Kunning birinchi yarmida yuqori lavozimli shaxslar tarafidan sizga bosim o’tkazilishi mumkin. Ayb kimdaligi noma’lum-ku, biroq bu narsaning oldini olganingiz ma’qul. Yon bering, sukut saqlang. Shunda muammo ortga chekinadi. Kechki payt havosi tozaroq manzilda dam oling, havo almashtiring. Ro’zg’ordagi ikir-chikirlarni bartaraf etish uchun ham bugungi kun qulay kechadi. Bundan tashqari, pul masalasida omadingiz chopadi. Faqat xarajatlarni ko’paytirib yubormang.

 

PARIZOD (24. 08 — 23. 09)

 

10 fevralda qadimiy, oilaviy an’analarni yodga olishingiz o’zingizga yoqimli lahzalarni taqdim etishi mumkin. Ish o’z yo’liga, biroq an’analar abadiy qolishi kerak. Qarindoshlar davrasida dam olish va shaxsiy ish bilan qo’shni manzillarga borib kelish muvaffaqiyatli kechadi. Kechqurunga yaqin moliyaviy muammolaringiz ham sizning foydangizga hal bo’ladi. Salomatligingiz haqida ko’proq qayg’uring. Surunkali xastalikka chalingan bo’lsangiz, havoga qarab ish tuting.

 

TAROZI (24. 09 — 23. 10)

 

Bugun qo’shimcha bilimlar olish, malaka oshirish va tadbirkorlar uchun yangi hamkorlar izlab topish faqat foyda beradi. Muhabbatda oilasizlar yoqimli tuyg’ulardan sarmast bo’ladi. Vaziyat siz uchun xizmat qiladi. Bo’lg’usi juftingiz sizni maqtovlarga, olqishlarga ko’mib tashlaydi. Faqat oilalilar juftini kamroq tanqid ostiga olishlari tavsiya etiladi. Ovqatlanish rejimini buzmang. Ko’cha ovqatini iste’mol qilishdan qoching.

 

ChAYoN (24. 10 — 22. 11)

 

10 fevral kuni oilaviy tashvishlar ko’paygandan ko’payadi. Dam olish kuni bo’lishiga qaramay, ular bilan o’ralashib, dam olish haqida unutishingiz ham hech gap emas. Faqat ehtiyot bo’ling. Tavakkalchilikka yo’l qo’ymang. Sizga har taraflama yordam berishdan tiyilmaydiganlarga nisbatan qo’pol munosabat yuritib qo’ymang. Oila qurmaganlarning ba’zilari kechqurun bo’lg’usi taqdirdoshi bilan tanishib qolishi kutiladi. Salomatlikni asrang. Kechqurun albatta toza havoda sayr qiling.

 

O’QOTAR (23. 11 — 21. 12)

 

Kuningiz ancha og’ir o’tishi kutilmoqda. Yaqin o’tmishdagi xatolarni takrorlashingiz xavfi bor. Biling, o’tmishga qaytib ish ko’rish sizga ziyon yetkazsa yetkazadiki, foyda bermaydi. Moliyaviy muammolar ijobiy hal bo’ladi. Aksariyat do’stlarimiz ilgari qoyillatib bajargan ishi uchun bugun mo’may daromad olishlari mumkin. Ayrim oilalilarning xonadonida chaqaloq yig’isi jaranglashi kutiladi. Muborak bo’lsin!

 

TOG’ EChKISI (22. 12 — 20. 01)

 

10 fevralda o’zingiz tuzib chiqqan rejalar, ssenariy asosida kun kechirasiz. Faqat bunga romantikani ham qo’shib qo’ysangiz, juda soz bo’lardi. Chunki hech bir ssenariy muhabbatsiz, garmoniyasiz bo’lmaydi. Muhabbatgina dunyoga go’zallik baxsh eta oladi. Oilasizlar bugun faqat oila, shaxsiy hayotni qurish haqida o’ylashlari kerak. Kimdir olis safarga otlanishni reja qilgan bo’lsa, biling, safaringiz xayrli kechadi. Bugun g’iybatchilar, hasadgo’ylar va ko’ngli qoralardan nari bo’ling.

 

QOVG’A (21. 01 — 19. 02)

 

Kayfiyatingiz yaxshi emasligi uyoqda qolib, puldan qiynalishingiz sizga qo’shimcha bosim o’tkaza boshlaydi. Hech bir ishga qo’l urishni istamay qola boshlayotganingizni his etasiz. O’zingizni qo’lga oling. It hurar, karvon o’tar. Yomon kayfiyat, moddiy mushkulotlar ham o’tkinchi. Oldinda albatta sizni xush lahzalar kutib turadi. Kechqurun oilalilarning ba’zilariga jufti xushxabar yetkazishi mumkin. Ajab emaski, shu bahonada ko’nglingiz ravshan tortsa.

 

BALIQ (20. 02 — 20. 03)

 

10 fevral kuni hayotingizda yangi vaziyatlar kuzatilmaydi. Barchasi o’zligicha qoladi. Kunning boshlanishidanoq o’tmishga qaytib, eski qadrdonlar bilan munosabatlarni yangilashingizga to’g’ri keladi. Kun davomida ishxonangizdagi rahbar qo’ng’iroq qilishi va orangizda jiddiy suhbat bo’lib o’tishi kutiladi. Ayrimlarni kechqurun varikoz va bosh og’rig’i bezovta qilishi mumkin. Og’riqlarni bartaraf etish payida bo’lishingiz tavsiya qilinadi.

Xushvaqt bo’ling! Hammavaqt bo’ling!

Добавить комментарий

Ваш e-mail не будет опубликован. Обязательные поля помечены *