Karantin-da. Ko’pga kelgan to’y,

Ko’pchilikni shoshirib qo’ydi.

Osh yeb yurgan noshukrlarni,

Yovg’on sho’rva ichirib qo’ydi.

 

 

Lek Olimtoy noshukr emas,

Uychasida teklar qotadi.

Suv topmasa, yana shukr deb,

Suv o’rniga zardob yutadi.

 

 

«Koronaxon» deya tamshanib,

Qismatini qattiq quchadi.

Birovlarga botinolmasdan,

Qismatiga qalbin ochadi.

 

 

«Botirnos»lar bo’lardi, — deydi,

Ja ketvorgan noslardan edi.

Martabasi ko’klarni o’par,

Hashamatga xoslardan edi.

 

 

Mana, bugun korona virus,

«Botirnos»dan ayirib qo’ydi.

Menday sodiq, kamtar noskashning,

Qanotini qayirib qo’ydi.

 

 

Moyqishloqning nosi nosmidi,

Naq tilingni o’yaman deydi.

Arz qilsam gar, nosfurush «nosni,

Senga sotmay qo’yaman», deydi.

 

 

Dumi qisiq itday akillab,

Nosni olib nari ketaman.

Garchi tilni o’yib olsa ham,

Shu nosni tek shimi-ib yotaman.

 

 

Ko’ngil ekan. Og’rib qoladi,

«Botirnos»siz o’kinganimda.

Yuragimni yamlar bir alam,

O’yiq tilga teginganimda.

 

 

Qizitaloq, korona virus,

Sening tiling o’yilmaydimi?

Endi menday noskash kaftiga,

«Botirnos»lar quyilmaydimi?

 

 

Yo’q, ishongum, korona virus,

Sen-da albat o’lib ketasan.

Jami noskash oshnalarimning,

Qarg’ishiga qolib ketasan.

 

 

Shunda men ham eski shaharga,

«Botirnos»ni izlab ketardim.

Topsam… Qasam…

O’zimni «sen»lab,

«Botirnos»ni «siz»lab o’tardim.

Olimjon HAYIT

 

loading…