Tongda doim ham mukammal ko’rinishga ega bo’lish qiyin: ko’z ostidagi qora dog’lar va yuzdagi shishlar kun davomida kayfiyatni buzishi, shubhasiz. Ba’zan kech uxlash, ba’zida noto’g’ri ovqatlanish, shuningdek, bu organizmning o’ziga xos xususiyati bo’lishi mumkin. Har qanday holatda ham ulardan juda oson va eng muhimi, tezda xalos bo’lishning imkoni bor. Quyida buning eng samarali usullari bilan tanishing.

Qahva

Albatta, ko’z ostidagi dog’lardan xalos bo’lish uchun qahva ichish tavsiya qilinmaydi. Kofein shishga yaxshi ta’sir qilishi mumkin. Tayyorlangan qahvadan ko’z osti terisiga qo’yiladi va 20 daqiqaga qoldiriladi, iliq suv bilan yuviladi. Tabiiy skrab effekti uchun teri yumshoq massaj qilinadi. So’ngra namlantiruvchi krem surtiladi.

Paketli choylar

Hech kimga sir emaski, ko’k va qora choy tarkibida kofein bor. Bu nafaqat ichki organizmga, balki tashqi ko’rinishga ham ta’sir qiladi. Buning uchun ikki dona qadoqli choy ishlatilgandan so’ng ularni muzlatkichda sovitib, 20 daqiqa davomida ko’zlar ostiga qo’yish kerak. Shunda kofein ko’z ostida to’plangan ortiqcha suyuqlikdan osongina xalos etadi.

Ko’z osti terisi uchun patch

Albatta, ko’z ostidagi dog’lardan qutulishning eng oson usullaridan biri patchlardan foydalanishdir. Biroq, maksimal foyda olish uchun ularni muzlatgichda saqlash tavsiya etiladi. Bunday holda, ular bir vaqtning o’zida sovuq kompress o’rnini bosadi va ularning samaradorligini sezilarli darajada oshiradi.

Yuz massaji

Yuzni massaj qilish ham shishdan xalos bo’lishga yordam beradi. Agar mutaxassisga borishning iloji bo’lmasa, buni uyda ham bajarish mumkin. Qo’l massaji teri uchun juda samaralidir. Ijtimoiy tarmoqlar orqali yuz terisi massaji bo’yicha ko’plab kurslarni topish mumkin, shuningdek, uni o’rgatadigan video ko’rsatmalar ham mavjud. Massajni boshlashdan oldin teriga namlantiruvchi krem yoki moy surtishni unutmaslik lozim.

Limfatik drenaj sakrash

Bu g’alati tuyilishi mumkin, ammo muntazam sakrash shishni bartaraf etishda yordam beradi. Ertalab uyg’onib, bir stakan suv ichgandan so’ng 100 marta sakrashni bajarish lozim. Baland sakrash shart emas – shunchaki yengil harakatlar kifoya. Ular ko’z ostidagi shish va dog’dan xalos bo’lishga yordam beradi.