Toshkent vrachlar malakasini oshirish instituti rektori, Koronavirusga qarshi kurashish shtabi a’zosi, professor Habibullo Oqilov “Kun.uz” nashriga bergan intervyusida 5 oy avval O‘zbekistonda koronavirus epidemiyasi boshlangan vaqtga yana qaytish imkoni tug‘ilsa Sog‘liqni saqlash tizimi tashkilotchilaridan biri sifatida birinchi navbatda qilinadigan ishlar haqida so‘z yuritdi  — deb bu haqda «Daryo» nashri  xabar beradi.    

Habibulla Oqilov.

Foto: Madina Nurman / “Daryo”

“Vaqtni orqaga qaytarish imkoni bo‘lganda, juda ko‘p narsa qilsa bo‘lardi. Savolingizni tushundim, albatta, qanday xatolarga yo‘l qo‘ymasdingiz, demoqchisiz.

O‘tgan besh va hatto undan oldingi davr ham biz, ya’ni sog‘liqni saqlash tizimi hamda koronavirus o‘rtasidagi o‘ziga xos poyga davri bo‘ldi, desam xato bo‘lmaydi. Imkonim bo‘lganida, biz nisbatan orqada qolgan jihatlarimizni to‘g‘rilagan bo‘lardim. Ya’ni koykalar sonini yanada ko‘paytirardim, raqamli rentgenlar, pulsoksimetrlar, kislorod beruvchi moslamalarni katta miqdorda xarid qilish ustida ishlardim. Ayniqsa laboratoriya sohasi, PZR tizimlarni ko‘p joyda tashkillashtirib qo‘yardim.

O‘sha paytdayam davlat rahbarining o‘zlari ham, hukumatimiz ham bizdan qanday zarurat borligi haqida qayta-qayta so‘radilar. Ko‘p jihatdan tayyorgarlik ko‘rib ulgurgan bo‘lsak-da, ayrim oqsashlar baribir kuzatildi va bugun shu muammolarni yechish ustida ishlayapmiz”, – dedi respublika maxsus shtabi a’zosi.

Professor Oqilov 8-iyul kuni qilgan chiqishida O‘zbekiston sog‘liqni saqlash tizimidagi resurslar “poyoniga yetgani”, bo‘sh koyka-o‘rinlar qolmaganini ma’lum qilgan. 9-iyuldagi brifingda esa Oqilov koyka-o‘rinlar, dori zaxirasi mavjudligini, tizim har qancha bemorni qabul qila olishini ta’kidlagan. 14-iyulda kasallik alomatlari bo‘lmaganda aholini shubhaga ko‘ra, o‘zini ovutish uchun test tahlili topshirishga harakat qilmaslikka chaqirgan, shuningdek xususiy tibbiyot muassasalarida koronavirusga test olishni taqiqlash bo‘yicha hech qanday ko‘rsatma yo‘qligi, mazkur muassasalarda olingan tahlillardagi natijalar musbat chiqsa umumiy statistikaga qo‘shilishini qayd etgan.

Habibulla Oqilov 2020-yil 23-iyul kuni Prezidentning “Koronavirus pandemiyasiga qarshi kurashishda fidoyilik ko‘rsatgan yurtdoshlarimizdan bir guruhini mukofotlash to‘g‘risida”gi farmoniga muvofiq “Fidokorona xizmatlari uchun” ordeni bilan taqdirlangan.