O‘zbekistonda 27-iyul soat 23:30 dan 28-iyul soat 23:30 ga qadar koronavirus yuqtirib olish bilan bog‘liq 684 ta holat qayd etildi. Bu bir kun oldingi nisbatan kasallanish holati 8 taga ko‘p deganidir. Kunlik kasallanish bo‘yicha yangi antirekord o‘rnatildi. Yangi holatlardan so‘ng O‘zbekistonda koronavirusga chalinganlar soni 21893 nafarga yetdi — deb bu haqda «Daryo» nashri  xabar beradi.    

SSV hisobi bo‘yicha 126, “Daryo” hisobi bo‘yicha 132 kishi koronavirus asoratlaridan vafot etgan.

Foto: Telegram / @ssvmatbuotkotibi

Yangi kasallanish holatlari

Yangi kasallanganlarning

  • 125 nafari xorijdan kelib karantinga olinganlar orasida;
  • 559 nafari tana harorati ko‘tarilganligi tufayli profilaktika maqsadida hamda koronavirusga chalingan bemorlar bilan muloqotda bo‘lganligi sababli namuna olingan fuqarolar orasida (Toshkent shahrida — 285 nafar, Toshkent viloyatida — 105 nafar, Buxoro viloyatida — 32 nafar, Samarqand viloyatida — 26 nafar, Sirdaryo viloyatida — 21 nafar, Surxondaryo viloyatida — 21 nafar, Qashqadaryo viloyatida — 18 nafar, Namangan viloyatida — 18 nafar, Navoiy viloyatida — 11 nafar, Farg‘ona viloyatida — 10 nafar, Andijon viloyatida — 9 nafar, Qoraqalpog‘iston Respublikasida — 3 nafar) aniqlangan.

Kun davomida 12 ta hududda kasallanish holati qayd etildi. Faqat Jizzax va Xorazm viloyatlarida kasallikka chalinganlar aniqlanmadi.

Toshkent shahrida 285 kishida koronavirus qayd etildi. Bir kun avvalgiga nisbatan solishtirganda poytaxtda kasallanish holatlari 190 taga kamaydi. Shuningdek, Qozog‘istondan “G‘ishtko‘prik” chegara posti orqali kelgan va O‘rtasaroy karantin markaziga joylashtirilgan fuqarolar orasida ham 125 kishida kasallik aniqlandi. Hozirda Qozog‘istonda koronavirusga chalinganlar soni O‘zbekistonga nisbatan deyarli 4 barobarga ko‘p. Yangi holatlardan so‘ng Toshkentda koronavirusga chalinganlar soni (xorijdan kelib karantinga olinganlar bilan birga) 13 mingdan oshib ketdi.

Toshkent shahri Shayxontohur tumanidagi “Yoshlik” sport majmuasi koronavirus tashxisi qo‘yilgan bemorlarni davolash uchun maxsus markazga aylantirildi. Ushbu markaz 520 nafar koyka-o‘ringa ega bo‘lib, hozirda tibbiyot xodimlari ishga qabul qilinishi bo‘yicha e’lon berilgan.

O‘zbekistonda 28-iyul kuni koronavirus aniqlanishi bo‘yicha antirekord, kasallikdan tuzalish bo‘yicha rekord o‘rnatildi .

Foto: Shayxontohur tumani hokimligi

Toshkent viloyatida 105 kishida koronavirus qayd etildi. Viloyatda uch kundan buyon kasallikka chalinganlar soni 100 nafardan ortiq bo‘lmoqda, biroq bu ko‘rsatkich pasayayotganiniyam qayd etish lozim. 26-iyul kuni 150 kishida kasallik aniqlangan bo‘lsa, 27-iyul kuni 127 kishida koronavirus qayd etildi.

Buxoro viloyatida koronavirusga chalingan bemorlar bilan muloqotda bo‘lganligi sababli namuna olingan fuqarolar orasida 32 kishida koronavirus aniqlandi. Iyul oyida Buxoroda jami 232 kishida kasallik aniqlandi. Bu viloyatdagi jami kasallanish holatlarining 31 foiziga teng.

Samarqand viloyatida 26 kishida koronavirus aniqlandi. Viloyatda 26-iyul kuni ham 26 kishida kasallik qayd etilgandi. Viloyatda iyul oyida 444 kishida virus aniqlandi. Solishtirish uchun, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Jizzax, Farg‘ona va Xorazm viloyatlarining hech birida butun epidemiya mavsumida qayd etilgan koronavirusga chalinish holatlari 400 taga ham yetmagan.

Sirdaryo viloyatida 21 kishida kasallik qayd etildi. 17-iyuldan beri SSV Sirdaryo viloyatining statistikasini Toshkentdan alohida berishni boshladi. O‘sha kungacha viloyatda kasallanganlar soni 213 nafarni tashkil etgan, 12 kun ichida Sirdaryo viloyatida koronavirusga chalinganlar soni 314 nafarga yoki deyarli 2,5 baravarga ko‘payib, hozirda 527 nafarga yetgan.

Surxondaryo viloyatida ham 21 kishida koronavirus aniqlandi. 30-iyun holatiga ko‘ra, Surxondaryoda 101 kishida koronavirus aniqlangandi. Iyul oyida kasallanganlar soni 372 nafarga ko‘paydi. Surxondaryoda koronavirus bilan kasallanish holatlarining 79 foizi iyul oyiga to‘g‘ri keldi.

Qashqadaryo viloyatida koronavirusga chalingan bemorlar bilan muloqotda bo‘lganligi sababli namuna olingan fuqarolar orasida 18 kishida kasallik aniqlangan. Iyul oyida Qashqadaryoda 458 ta yangi kasallanish holati qayd etildi. Bu viloyatdagi jami kasallanganlarning 70 foiziga tengdir.

Namangan viloyatida ham 18 kishida koronavirus qayd etildi. Bir kun oldin ham viloyatda 18 kishida kasallik aniqlangandi. Viloyatda iyul oyida 391 kishida koronavirus qayd etildi, bu Namangandagi jami kasallanish holatlarining 57 foiziga tengdir.

Navoiy viloyatida 11 kishida koronavirus aniqlandi. Viloyatda 14-iyuldan keyin biron marta ham kunlik kasallanish ko‘rsatkichi 10 tadan oshmayotgandi. Navoiy viloyatida 15, 16, 18, 20, 21, 25, 26 va 27-iyul kunlari ham koronavirus aniqlangan, ammo kasallar soni 7 tadan oshmagandi. Navoiy koronavirusga chalinganlar soni 400 dan oshgan 10-hudud bo‘ldi.

Farg‘ona viloyatida koronavirusga chalingan bemorlar bilan muloqotda bo‘lganligi sababli namuna olingan fuqarolar orasida 10 kishida kasallik aniqlandi. Viloyatga 6-iyulda koronavirus qaytganidan 81 kishida koronavirus qayd etildi. Bu Farg‘ona viloyatidagi jami kasallanish holatlarining 34 foiziga tengdir.

Andijon viloyatida 9 kishida kasallik aniqlandi. 24-iyul kuni viloyatda 35 kishida koronavirus qayd etilgach, yangi holatlar kamayib bormoqda — 26-iyul kuni 16 kishida, 27-iyul kuni 13 kishida kasallik aniqlangandi. Andijon hozir kasallanganlar soni bo‘yicha faqat Toshkent shahri va viloyatidan ortda qolmoqda. 30-iyun holatiga ko‘ra viloyatda 209 kishida kasallik qayd etilgandi, iyul oyida esa koronavirus bemorlari soni 4,5 barobarga ko‘paydi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasida 3 kishida koronavirus qayd etildi. Respublikada kasallanganlarning umumiy soni 340 nafarga yetdi. Qoraqalpog‘istonda kasallikka chalinganlar orasida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi raisi Musa Yerniyazov ham bor. 25-iyul kuni uning vafoti haqida ham xabarlar tarqaldi. Ammo bu xabarlar tezda rad etildi. Yerniyazovning o‘limi haqidagi noto‘g‘ri xabardan so‘ng Qoraqalpog‘istondagi uchta OAV bosh muharrirlari yarim tunda prokuraturaga chaqirilgan. O‘zbekiston bosh prokurorining o‘rinbosari Svetlana Ortiqovaning so‘zlariga ko‘ra, vaziyatni muhokama qilish jarayonida holat yuzasidan surishtiruv o‘tkazgan xodimlarning xatti-harakatini oqlab bo‘lmaydi. Shu sababli Ortiqova qoraqalpog‘istonlik hamkasblariga tanbeh bergan va ular jurnalistlardan uzr so‘ragan.

O‘lim holatlari va ahvoli og‘ir bemorlar

SSV 28-iyul kuni Toshkent shahrida koronavirus asoratlaridan vafot etgan 5 bemor haqida ma’lumot berdi. Xabarlarda ularning qaysi kuni hayotdan ko‘z yumganiga aniqlik kiritilmagan.

Birinchi o‘lim. Toshkentning Uchtepa tumanida yashagan 34 yoshli Sh.M. 16—21-iyul kunlari shahar 9-son tug‘ruq kompleksida “27 haftalik 6-homiladorlik, 5-tug‘ruq, ikki tomonlama pnevmoniya, kamqonlik, nafas yetishmovchiligi” tashxisi bilan davolangan.

Bemorda COVID-19 tasdiqlangach, u shahar 3-son tug‘ruq kompleksiga o‘tkazilgan. Unga COVID-19 infeksiyasining o‘ta og‘ir kechishi, ikki tomonlama pnevmoniya tashxisi qo‘yilgan. Xastalik o‘tkir yurak qon-tomir va nafas yetishmovchiligi asoratlari bilan kechgan.

Shifokorlar tomonidan standartlar asosida o‘tkazilgan reanimatsion muolajalarga qaramay, bemorning ahvoli keskin og‘irlashib, o‘tkir nafas va yurak qon-tomir yetishmovchiligidan vafot etgan.

Ikkinchi o‘lim. Toshkent shahrida yashagan 50 yoshli R.D. ismli erkakda 16-iyul kuni COVID-19 tasdiqlangan va Virusologiya ilmiy-tekshirish instituti klinikasiga yotqizilgan.

Bemorga COVID-19 infeksiyasining o‘ta og‘ir kechishi, ikki tomonlama pnevmoniya tashxisi qo‘yilgan. Kasallik o‘tkir nafas yetishmovchiligining 3-darajasi asorati bilan kechgan. Shuningdek, bemor qandli diabet, gipertoniya va epilepsiya hamroh kasalliklar bilan ham og‘rigan.

Biroq bemorning ahvoli asosiy kasallik asoratlari hisobiga keskin og‘irlashib, mutaxassislar tomonidan o‘tkazilgan reanimatsion choralarga qaramay o‘tkir nafas va yurak qon-tomir yetishmovchiligidan vafot etgan.

Uchinchi o‘lim. Toshkent shahrida yashovchi 61 yoshli M.M. ismli erkak 10-iyul kuni o‘zida koronavirus infeksiyasining belgilarini sezgach, uyda davo muolajalarini olgan. Biroq ahvoli og‘irlashgach, 20-iyul kuni shifokorga murojaat qilgan va tibbiyot muassasasida statsionar rejimda davolanishga o‘tkazilgan.

Unga COVID-19 infeksiyasining o‘ta og‘ir kechishi, ikki tomonlama pnevmoniya tashxisi qo‘yilgan. Kasallik o‘tkir respirator distress sindromi, o‘tkir nafas yetishmovchiligining 3-darajasi, infeksion toksik shok asoratlari bilan kechgan. Bemorda yurak ishemik kasalligi, gipertoniya hamroh kasalliklari ham bo‘lgan.

Bemorning ahvoli asosiy kasallik asoratlari hisobiga keskin og‘irlashib, mutaxassislar tomonidan o‘tkazilgan reanimatsion muolajalarga qaramay o‘tkir respirator distress sindromi, o‘tkir nafas va yurak qon-tomir yetishmovchiligidan vafot etgan.

To‘rtinchi o‘lim. Toshkent shahar Olmazor tumanida yashagan 40 yoshli M.K. ismli ayol 12—17-iyul kunlari shahar 2-son tug‘ruq kompleksida 30 haftalik 4-homiladorlik, 4-tug‘ruq, asoratlangan akusherlik anamnezi, bachadon chandig‘i, ikki tomonlama pnevmoniya, kamqonlik, nafas yetishmovchiligining 2-darajasi tashxisi bilan statsionar sharoitda davolangan.

Bemorda COVID-19 infeksiyasi borligi tasdiqlangach, u 17-iyul kuni shahar 3-son tug‘ruq kompleksiga o‘tkazilgan. M.K.ga COVID-19 infeksiyasining o‘ta og‘ir kechishi, ikki tomonlama pnevmoniya tashxisi qo‘yilgan. Kasallik o‘tkir yurak qon-tomir va nafas yetishmovchiligi, sepsis, poliorgan yetishmovchiligi, DVS sindrom asoratlari bilan kechgan. Yuqorida keltirilgan hamroh kasalliklar bilan birga bemorda homilaning antenatal o‘limi ham kuzatilgan.

Bemorning ahvoli asosiy kasallik asoratlari hisobiga keskin og‘irlashib, mutaxassislar tomonidan o‘tkazilgan reanimatsion muolajalarga qaramay o‘tkir nafas va yurak qon-tomir yetishmovchiligi, sepsis, poliorgan yetishmovchiligi, DVS sindromdan vafot etgan.

Besh kun ichida 6 nafar homilador ayol koronavirus asoratlaridan vafot etdi. 28-iyuldagi ikki hodisadan tashqari 24-iyul kuni qashqadaryolik 35 yoshli ayol, 25-iyul kuni toshkentlik 34 yoshli ayolning homiladorlik vaqtida koronavirus tasdiqlangach hayotdan ko‘z yumgani, 26-iyulda esa Toshkent shahrida koronavirusga chalingan 32 yoshli ayolning vafot etgani, 27-iyulda Toshkentda 35 yoshli yana bir homilador ayolning COVID-19 asoratlari tufayli vafot qilgani haqida xabarlar berilgandi.

Beshinchi o‘lim. Toshkent shahar Olmazor tumanida yashagan 73 yoshli U.T. ismli ayol 12-iyul kuni COVID-19 infeksiyasining o‘ta og‘ir kechishi va ikki tomonlama pnevmoniya tashxisi bilan Virusologiya ilmiy-tekshirish instituti klinikasiga yotqizilgan.

Bemorda o‘tkir yurak qon-tomir va nafas yetishmovchiligi, o‘pka shishi, koronavirusli ensefalit va poliorgan yetishmovchiligi asoratlari kuzatilgan. Shu bilan birga bemorda yurak ishemik kasalligi, stabil zo‘riqish stenokardiyasi, gipertoniya kabi hamroh kasalliklar aniqlangan.

Reanimatsion choralarga qaramasdan ahvoli asosiy kasallik asoratlari hisobiga keskin og‘irlashgan bemor o‘tkir nafas va yurak qon-tomir yetishmovchiligi, o‘pka shishi, sepsis va poliorgan yetishmovchiligidan vafot etgan.

Hozirgacha Sog‘liqni saqlash vazirligi 126 kishining koronavirus asoratlaridan vafot etganini xabar berdi. “Daryo” hisobi bo‘yicha koronavirus chalingach vafot etganlar soni 132 nafarni tashkil etmoqda. Davlat xizmatlari agentligi 15-iyul kuni Navoiy viloyatidagi 61 yoshli xodimi Adhamjon Dehqonov, Madaniyat vazirligi esa 18-iyul kuni 32 yoshli xodimi Akmal Irisov koronavirus asoratlaridan vafot etgani, Olmaliq shahri hokimligi 9 va 15-iyul kunlari shahar shifoxonalarida vafot etgan ikki ayolda koronavirus tasdiqlangani haqida xabar bergan. Shuningdek, 22-iyulda Bosh prokurorning sobiq o‘rinbosari, Qoraqalpog‘iston prokuraturasida bo‘lim boshlig‘i bo‘lib ishlayotgan 66 yoshli Hakimbay Xalimov, Chilonzor tumani Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik markazi bakteriologiya laboratoriyasi mudiri 62 yoshli Marhabo Ahmedova koronavirus asoratlaridan vafot etgani xabar qilingan. Biroq ushbu olti holat haqida SSV tomonidan ayni vaqtgacha axborot berilmagan.

Taniqli rejissor Sarvar Karimov ham 17-iyul kuni otasi koronavirus infeksiyasidan vafot etgani, ammo unga tashxis qo‘yilmaganini ma’lum qilgandi. Rejissorning o‘zi va uning boshqa oila a’zolarida koronavirus tasdiqlangan. Shuningdek, 26-iyul kuni bosh vazir o‘rinbosari Aziz Abduhakimov 24-iyul kuni Samarqanddagi Ipak yo‘li xalqaro turizm universitetining 33 yoshli magistranti O‘tkir Temirov kasallikdan vafot etganini aytgan. Ma’lum bo‘lishicha, marhum o‘zida COVID-19’ning barcha belgilari bo‘lsa-da, test ham topshira olmagan, kasalxonaga ham yota olmagan.

Ayni paytda koronavirus infeksiyasidan davolanayotgan 9 502 nafar bemordan 206 nafari og‘ir, 91 nafari esa o‘ta og‘ir ahvolda. Bir kun avval ahvoli og‘ir bemorlar 214 nafarni, ahvoli o‘ta og‘ir bemorlar 83 nafarni tashkil etayotgandi.

Kasallikdan davolanish

28-iyul kuni O‘zbekistonda koronavirus infeksiyasidan davolanayotgan bemorlarning 591 nafari sog‘aydi. Bu yangi rekord.

Tuzalganlarning

  • 381 nafari Toshkent shahridagi 17 ta shifoxonada davolanayotgan bemorlar;
  • 82 nafari Toshkent viloyatida;
  • 41 nafari Andijonda;
  • 23 nafari Sirdaryoda;
  • 20 nafari Namanganda;
  • 17 nafari Buxoroda;
  • 17 nafari Navoiyda;
  • 10 nafari esa Qoraqalpog‘iston Respublikasida kasallikdan forig‘ bo‘lgan.

Ushbu bemorlarning qanchasi uy sharoitida, qanchasi statsionar sharoitda davolanganiga aniqlik kiritilmagan.

Ma’lumot uchun, O‘zbekistonda koronavirus epidemiyasi sabab sog‘liqni saqlash tizimiga tushayotgan yuklamani bir qadar yengillatish maqsadida 5-iyuldan boshlab koronavirus infeksiyasi alomatsiz kechayotgan bemorlarga uy sharoitida davolanishga ruxsat berilgan, ushbu yo‘nalishda yo‘riqnoma va eslatmalar ham e’lon qilingan.

Biroq Sog‘liqni saqlash vazirligi koronavirusga chalinganlarga doir axborotlarida yangi bemorlarning qanchasida kasallik alomatsiz (simptomsiz) kechayotganiga aniqlik kiritmayapti, shu boisdan ayni vaqtda koronavirusdan davolanayotgan bemorlarning qanchasi kasalxonalarda qolayotgani, qanchasi uy sharoitida davolanayotgani ma’lum emas. Respublika maxsus komissiyasi markaziy shtabining 22-iyul kuni bergan ma’lumotlari allaqachon eskirdi.

Hozirda kasallik qayd etilgan jami 21 893 nafar bemordan 12 265 nafari sog‘ayib, davolanish ko‘rsatkichi 56 foizni tashkil etmoqda. Ikki kundan buyon bu boradagi ko‘rsatkich 1 foizdan yaxshilanmoqda.

Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotlari bo‘yicha ayni paytda 9502 nafar bemordan 7049 nafari Toshkent shahrida davolanmoqda. Jizzaxda 17, Navoiyda 20, Farg‘onada 32, Xorazmda 42, Samarqandda 123, Qoraqalpog‘istonda 114, Sirdaryoda 123, Namanganda 156, Buxoroda 175, Andijonda 182, Qashqadaryoda 227, Surxondaryoda 238 va Toshkent viloyatida 1004 nafar bemor qoldi.