Toshkent vrachlar malakasini oshirish instituti rektori, Koronavirusga qarshi kurashish shtabi a’zosi, professor Habibullo Oqilov “Kun.uz” nashriga O‘zbekistonda COVID-19 bilan kasallangan bemorlarni davolovchi yangi mutaxassislarni qisqa vaqt ichida malakasini oshirish, qayta tayyorlash borasida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ishlar va boshqa dolzarb masalalar yuzasidan ma’lumot bergan — deb bu haqda «Daryo» nashri  xabar beradi.    

Habibulla Oqilov.

Foto: Madina Nurman / “Daryo”

Habibulla Oqilov shifokorlarni ishga jalb qilish bo‘yicha olib borilayotgan keng targ‘ibot ishlariga qaramay e’lon qilingan telefonlar bandligi yoki ishlamayotgani yuzasidan savolga javob qaytargan.

Balki ko‘rsatilgan raqamlarga ko‘p qo‘ng‘iroq bo‘layotgandir, balki texnik sababdir. Lekin men ishlash istagida bo‘lgan shifokorlarga o‘zim faoliyat yurituvchi institut telefonini ham berishim mumkin – (71) 268-17-44 raqamiga qo‘ng‘iroq qilib, yo‘l-yo‘riq olishsin.

Ishlayman degan shifokorlar bevosita shifoxonalarning o‘ziga murojaat qilishi mumkin. Masalan, Zangiotadagi maxsus klinikada shtab a’zolari muntazam ishlashmoqda. To‘g‘ridan to‘g‘ri borib uchrashish yoki (71) 207-99-84 raqamiga qo‘ng‘iroq qilish mumkin. Ular deyarli har kuni bizdan shifokorlar jo‘natishimizni so‘rashadi.

Poytaxt markazidagi “Ekspomarkaz” Toshkent shahar hokimligi homiyligida ishlayapti. U yerda ham shifokorlarga talab bor, uchrashib, hujjat topshirsa bo‘ladi. Mana, bugunning o‘zida (suhbat 25-iyulda yozib olingan) 2 mingga yaqin arizalar qabul qilindi. Biz bu shifokorlarni institutimizda qisqa muddat o‘qitamiz va tayyorlab, COVID-19’ga qarshi kurashuvchilar guruhiga qo‘shamiz.

Men ham fursatdan foydalanib shifokorlardan shunday murakkab kunlarda safimizga qo‘shilishlarini so‘rab qolaman.

Habibulla Oqilov, respublika maxsus shtabi a’zosi

Shuningdek, Habibulla Oqilov boshqa soha shifokorlarini zudlik bilan qayta tayyorlash va COVID-19’ga qarshi kurashishga jalb qilish rejasining qay tarzda amalga oshirilayotgani haqida ham ma’lumot berib o‘tgan.

“Biz bu masala bo‘yicha yanvar oyidan buyon ishlayapmiz. Eng muhimi, anesteziolog-reanimatologlarni qayta tayyorlashga e’tibor qaratilyapti. Bu kasallik tufayli og‘ir holatlarda qanday yo‘l tutish bo‘yicha aniq qo‘llanmalar yaratildi va ularni o‘qitdik. Hozir ham bu jarayon uzluksiz davom etmoqda. Ayni paytda ko‘proq pulmonolog, immunolog, anesteziolog-reanimatologlarni ko‘proq tayyorlayapmiz.

Bu sinov davrida o‘ziga xos tajribalar ham orttirdik. Masalan, axborot texnologiyalari degan gaplarga ko‘p ham jiddiy qaramasdik. Pandemiya davrida bu soha bizga qo‘l keldi va keng foydalanayapmiz.

Har kuni maxsus telemarkazda yetakchi mutaxassislar, professorlar, fan nomzodlari uch marta katta konsilium o‘tkazamiz va butun respublika bo‘ylab eng og‘ir bemorlarni onlayn tarzda birma-bir tahlil qilib chiqamiz.

Bundan tashqari, eng yetakchi davlatlar tajribasini ham har kuni uzluksiz o‘rganib boramiz. Ko‘plab institutlar bilan aloqalar o‘rnatilgan va har qanday yangilikni darhol muhokama qilamiz hamda lozim bo‘lsa, amaliyotga qo‘llaymiz”, – degan Habibulla Oqilov.

Eslatib o‘tamiz, Habibulla Oqilov 2020-yil 23-iyul kuni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev “Koronavirus pandemiyasiga qarshi kurashishda fidoyilik ko‘rsatgan yurtdoshlarimizdan bir guruhini mukofotlash to‘g‘risida”gi farmoniga muvofiq “Fidokorona xizmatlari uchun” ordeniga loyiq ko‘rilgan.